25-aprel kuni Tokio shahrida boʻlib oʻtgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” rahbarligidagi navbatdagi tadbir Oʻzbekistonning Yaponiya bozori uchun IT-autsorsing va BPO yoʻnalishlaridagi strategik ahamiyatini namoyish etdi. Tadbirda 100 dan ortiq soha vakillari, jumladan, xizmatlar eksporti bilan shugʻullanuvchi 60 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etdi. Bu esa texnologiyalar sohasida dunyoning eng ilgʻor davlatlaridan biri boʻlgan Yaponiya tomonidan Oʻzbekistonning IT-sohasiga boʻlgan qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolatdir.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasining Yaponiyadagi savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchisi Bahodir Saidovning tabrik soʻzi bilan boshlandi va u ikki davlat oʻrtasida IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, xususan, biznes jarayonlar autsorsingi bozorini kuchaytirish va mazkur sohada tajriba almashish muhimligini taʼkidladi.
IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov Oʻzbekiston infratuzilmasi va inson salohiyatini rivojlantirish borasida ikki davlat oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan uzoq muddatli hamkorlik va birgalikdagi saʼy-harakatlar mamlakatimiz IT-sanoati rivojiga salmoqli hissa qoʻshganini taʼkidladi.
Shuningdek, konferensiya qatnashchilari eʼtiboriga Oʻzbekistondagi ITES-kompaniyalar uchun yaratilgan strategik tashabbuslar va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash dasturlari, jumladan “Zero Risk” va “Enterprise Uzbekistan” taqdim etildi. Eksportga yoʻnaltirilgan IT Park rezidentlari uchun soliq imtiyozlari ishtirokchilarda alohida qiziqish uygʻotdi.
Konferensiya doirasida “IT-Bilim” kompaniyasi taʼlim dasturlari hamda Oʻzbekistonning yangi IT isteʼdodlarini tayyorlash toʻgʻrisida maʼruza qildi, ayniqsa, mahalliy IT-mutaxassislarning yuqori mahorati va moslashuvchanligini taʼkidlandi.
Ayni paytda Yaponiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik loyihalari tufayli 12 mingdan ortiq kishi yapon tilini bilishadi, shuningdek, yapon biznes-tayyorgarlik dasturlari boʻyicha taʼlim olmoqda. Yuqori malakaga ega boʻlgan yurtdoshlarimiz Yaponiya kompaniyalari biznesini rivojlantirishga Oʻzbekistondagi ofisda autsorsing boʻyicha faoliyat yuritib oʻz hissalarini qoʻshishi mumkin.
Konferensiyada Kompyuterlashtirish sohasida xalqaro hamkorlik markazining rejalashtirish va muvofiqlashtirish boʻlimi bosh direktori Okada Kotaro ham soʻzga chiqdi. U xalqaro maydonda IT-kompaniyalarni kengaytirish uchun uchun vositachi boʻlib xizmat qilayotgan Oʻzbekistonning jadal rivojlanayotgan ishbilarmonlik muhiti haqida gapirdi.
Bundan tashqari, Okada Kotaro Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari va taʼlim muassasalari vakillari ishtirokidagi panel muhokamasiga rahbarlik qildi va ular oʻzlarining Oʻzbekistondagi muvaffaqiyatli tadbirkorlik tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Panel muhokamasi ishtirokchilari orasida Yaponiyaning “Digital Knowledge” kompaniyasi bosh direktori Yasuyuki Noguchi, “H&K LTD” bosh direktori va “H&K Group” kompaniyasining Oʻzbekistondagi asoschisi Ando Koki, “People Cloud” rekruting kompaniyasi vakili Anatoliy Kolbinov, “RINGO Entertainment Inc” prezidenti Xirasawa Tomohiro, “MAYA MIRAI Inc” bosh direktori Erkin Hamroqulov bor edi.
Tokioda tashkil etilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi doʻstlik va diplomatik munosabatlarni mustahkamlab, Oʻzbekiston IT sanoati uchun hamkorlik va chegaralarni kengaytirish uchun yangi zamin yaratmoqda. Taʼkidlash joizki, Yaponiyadagi demografik vaziyat tufayli iqtidorli IT-mutaxassislariga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda. Xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan qoʻllab-quvvatlash dasturlari, imtiyozli shart-sharoitlar va malakali IT-mutaxassislar tashrif buyurgan mehmonlarda ishonchli global IT-xab sifatidagi Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishni oshirdi.
2024-04-29