“Uzum” O‘zbekistondagi birinchi “unicorn” — qiymati $1 milliarddan oshiq kompaniyaga aylandi

Jismoniy shaxslar va kichik va oʻrta biznes uchun elektron tijorat, fintech (moliyaviy texnologiyalar) va bank xizmatlarini oʻzida birlashtirgan IT Park rezidenti — “Uzum” ekotizimi $114 milliondan ortiq mablag‘ jalb qildi va qiymati $1 milliarddan oshiq mamlakatdagi birinchi “unicorn” kompaniyaga aylandi. Bu haqda “TechCrunch” — startaplar, internet-biznes va innovatsiyalar haqidagi dunyoning eng nufuzli nashrlardan biri xabar bermoqda.

A seriyasida yetakchi investor sifatida “FinSight Ventures” xalqaro venchur fondi ishtirok etdi. Shuningdek, raundda “Xanara Investment Management” va “Uzum” kompaniyasining bir qator top-menejerlari qatnashishdi. Kapitalga kiritilgan sarmoyalar hajmi $50 milliondan oshdi, avvalroq esa ekotizim qo‘shimcha $50 millionni qarz mablagʻlari shaklida jalb qilgandi.

“Oʻtgan yili biz $100 million sof foyda oldik va joriy yilda ushbu koʻrsatkichni, jumladan, “Uzum” ekotizimi tarkibidagi xizmatlarni integratsiyalash orqali oshirish niyatidamiz. Shu yil ekotizimda biznes va xususiy foydalanuvchilar uchun yangi yoʻnalishlar va xizmatlar paydo boʻladi”, — dedi “Uzum” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayev.

2024-yilda “Uzum” birinchi navbatda respublikadagi onlayn savdo uchun eng yirik logistika kompleksini ishga tushirish niyatida, bu esa e-commerce (elektron tijorat) yoʻnalishining aylanmasini 2,5 baravar oshirish imkonini beradi. Shuningdek, bu yil kompaniya jismoniy shaxslar, kichik va oʻrta biznes uchun taʼminlanmagan kreditlash sohasida yangi xizmatlarni ishga tushirishni hamda logistika va IT-infratuzilmasini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, 2024-yil davomida “Uzum” kompaniyasi Yaqin Sharq, Buyuk Britaniya va AQSh fondlaridan yana $200 million sarmoya jalb qilishni rejalashtirmoqda.
IT Park jamoasi “Uzum” kompaniyasini Oʻzbekistondagi birinchi “unicorn” texnologik kompaniya sifatida munosib eʼtirof etilgani bilan tabriklaydi! Ushbu yutuq kompaniyaning jasorati, innovatsiyalari va matonatining yorqin ramziga aylandi.

“Uzum” kompaniyasining muvaffaqiyati boshqa kompaniyalar uchun namuna boʻlib, dadil gʻoyalar va qatʼiyatlilik ulkan natijalarga olib kelishi mumkinligini koʻrsatadi. Albatta, ushbu yutuq kelgusi texnologik marralar va Oʻzbekiston raqamli sanoatining rivoji uchun turtki boʻlib xizmat qiladi.
 

2024-03-27