IT Park Uzbekistan, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida “Women in Tech Uzbekistan” loyihasi Yaponiyaning Osaka shahrida o‘tkazilgan “Women in Tech Global Summit 2025” global kun tartibining bir qismiga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova boshchiligidagi delegatsiya 50 dan ortiq mamlakatdan 400 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashgan sammitda mamlakatimizni taqdim etdi.
O‘zbekiston inklyuziv texnologiyalar sohasidagi sezilarli yutuqlarga erishdi: milliy pavilyon “World Expo 2025” doirasida AQSh, Germaniya va Fransiya pavilyonlari qatorida rasmiy “Innovation Trail” tarkibiga kirdi.
Tadbir doirasida raqamli davrda gender tenglikni jadallashtirish bo‘yicha xalqaro deklaratsiya — “Osaka Protocol” imzolandi. “Osaka Protocol” hujjatini imzolagan tomon sifatida Vazirlik inklyuziv innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, ayollarning texnologik tashabbuslardagi ishtiroki va raqamli makonda tenglikni ta’minlovchi siyosatni ishlab chiqish bo‘yicha majburiyatlarini tasdiqladi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining maslahatchisi Kamola Sobirova O‘zbekistonning ayollar tadbirkorligini rivojlantirish borasidagi yutuqlarini, shu jumladan “Tumaris.Tech” loyihasi natijalarini taqdim etdi:
“Osakada o‘tkazilgan ‘Women in Tech Global Summit’da ishtirok etish O‘zbekiston uchun ayollarning texnologiyalar sohasidagi o‘rnini targ‘ib qilish va mamlakatimizni mintaqaviy IT-habga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlarimizni e’tirof etishda muhim qadam bo‘ldi. So‘nggi yillarda biz nafaqat ayollarga zamonaviy raqamli ko‘nikmalar berishga, balki ularga iqtisodiyotimiz kelajagini shakllantirish uchun vakolatlar berishga ham e’tibor qaratdik. ‘Youth Engagement Award’ mukofoti yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ayollarni raqamli iqtisodiyotga jalb qilish yo‘lidagi harakatlarimizning muhim tasdig‘i bo‘ldi. Bu bizni yanada ko‘proq g‘ayrat va mas’uliyat bilan oldinga intilishga ruhlantiradi” .
IT Park Uzbekistan Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, startaplarni tezlashtirish va yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan “Tumaris.Tech” singari bir qator milliy dasturlarni ishga tushirdi. Ushbu dasturlar butun mamlakat bo‘ylab ayollarga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish va raqamli iqtisodiyotga munosib hissa qo‘shish uchun sharoit yaratmoqda.
“Women in Tech Uzbekistan” jamoasi texnologiyalar sohasida yosh qizlar yetakchiligini rivojlantirishdagi hissasi uchun nufuzli “Youth Engagement Award” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Delegatsiya tarkibida o‘zbekistonlik texno-ekotizim vakillari, jumladan Anna Ambrozevich, Natalya Ni, Anna Surkova va “CCA Awards 2024” g‘olibasi Kamila Daminova, shuningdek, Oʻzbekistondan sammit volontyorlari ham ishtirok etdi.
“Oʻzbekiston boshidanoq hurmat, tenglik va qadriyatlarga asoslangan jamiyatni turli insonlar bilan birgalikda qanday qurish mumkinligini koʻrsatmoqda. Allaqachon shakllangan tizimni oʻzgartirish mushkul, biroq undan ham muhimrog‘i — yoshlarga boshidan inkluzivlik ruhida tarbiya berishdir,” – Anna Ambrozevich, “Women in Tech Uzbekistan” direktori.
Oʻzbekistonning sammitdagi ishtiroki xalqaro aloqalarni mustahkamladi, yangi hamkorlik yoʻnalishlarini belgilab berdi hamda mamlakatning AKT sohasida teng imkoniyatlarni ilgari surish boʻyicha yetakchilardan biri boʻlish niyatini tasdiqladi. Oʻzbekiston raqamli taʼlimga, ayollar oʻrtasida yetakchilikni rivojlantirishga va yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga sarmoya kiritishda davom etadi, bu esa barqaror va inkluziv texnologik kelajakni yaratish uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
2025-05-02