Xalqaro kompaniya Bolt O‘zbekiston bozorini o‘rganmoqda

14-yanvar kuni IT Park’da bosh director Farhod Ibragimov rahbarligidagi IT Park vakillari hamda “Bolt” kompaniyasining jamoatchilik va davlat organlari bilan aloqalar bo‘limi rahbari Yuliya Malich o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik istiqbollari, O‘zbekistonda startaplar ekspertizasini oshirish va texnologiyalarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Ta’kidlash joizki, “Bolt” kompaniyasi mobillik va yetkazib berish bozorida eng yirik xalqaro ishtirokchilardan biridir.

Bu nima uchun muhim?

“Bolt” — Yevropa super ilovasi bo‘lib, uning xizmatlaridan Yevropa va Afrikaning 50 dan ortiq mamlakatidagi (600 dan ortiq shahar) 200 milliondan ziyod mijoz foydalanadi. Kompaniya shaharlarni mashinalar uchun emas, balki insonlar uchun qulay qilishga intiladi, shaxsiy avtomobillardan umumiy mobillikka o‘tishni tezlashtiradi, har bir holatga mos eng yaxshi yechimlarni taklif etadi. Bular qatoriga taksi xizmati, karshering, elektr samokatlar ijarasi, shuningdek, ovqat va mahsulotlarni yetkazib berish kiradi.

“Bolt” Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonni o‘rganmoqda. Kompaniya davlat organlari, Raqamli rivojlanish vazirligi bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor. “Bolt” faoliyatining asosini muloqot va hamkorlikka bo‘lgan ochiqlik tashkil etadi.

IT Park vakillari “Bolt” dasturiy ta’minotini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston IT-iste’dodlarini jalb qilish, shuningdek, mamlakatimizda potensial bek-ofisni ochish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etishdi. 

Farhod Ibragimov IT Park tomonidan O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun zarur resurslar, jumladan, xodimlarni tanlashda yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.

Yuliya Malich O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan bozoriga qiziqish bildirib, kompaniya uchun ushbu mintaqa ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Aholining tez o‘sishi, yosh mutaxassislarning ko‘pligi va raqamli texnologiyalarning faol rivojlanishi O‘zbekistonni yangi investitsiyalar va innovatsion yechimlarni ishlab chiqish uchun jozibador qilmoqda.

Uchrashuv davomida qo‘shma tadbirlar, xususan, “Bolt” mutaxassislari o‘z tajribalarini bo‘lishadigan o‘quv mahorat darslarini o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.

“Bolt” kompaniyasining O‘zbekistonga faol jalb etilishi va ekspertizasi mahalliy startaplar va texnologik kompaniyalarni rivojlantirish, ularning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ushbu hamkorlik, shuningdek, mamlakatda texnologik bilim darajasini yuksaltirish va startap ekotizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

2025-01-15