2021-yil 16-yanvar kuni IT Park direktorining mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulahad Qo‘chqorov boshchiligidagi delegatsiya hamda Xorazm viloyati hokimi Farxod Ermanov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Xorazm viloyati hokimiga IT Park’ning Xorazmdagi bo‘lajak filialining konsepsiyasi haqida taqdimot namoyish qilindi. Shuningdek, Farhod Ermanov IT Park faoliyati va tashkilotning Xorazm yoshlari uchun ochadigan barcha imkoniyatlari bilan tanishib chiqdi.
Uchrashuv so‘ngida Farxod Ermanov Xorazmda IT Park filialini qurish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va umuman IT Park konsepsiyasi va faoliyatini ijobiy baholadi.
Xorazmda qurilayotgan IT Park filialining maydoni 5492 m2 ni tashkil qiladi. Filial tarkibiga kovorking markazi, o‘quv xonalari, robototexnika va kibersport xonalari, majlis xonalari, konferens-zal, kafe va boshqalar kiradi.
Uzoq muddatli istiqbolda mazkur filial 1200 dan ortiq ish o‘rinlarini hamda 1000 dan ortiq IT mutaxassislarini chiqaradi.
Qolaversa, filialda yosh avlodning quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim olishi uchun IT Markaz mavjud:
- Kompyuter savodxonligi;
- Chuqurlashtirilgan MS Officye;
- Veb dasturlash tillari;
- Grafik va dizayn asoslari;
- Mobil ilovalarni yaratish;
- Python dasturlash tili;
- Arduino va LEGO Mindstorms asosida ishlaydigan mobil robotlar;
- Va kibersport: CS: GO, Dota2, FIFA20.
Filialning ochilishi 2021-yil 1-avgustga rejalashtirilgan.
2021-01-17