Xorijiy investorlar O‘zbekiston bozorini o‘rganmoqdalar

12-dekabr kuni “IT Park Uzbekistan”ga Ozbekiston IT-bozori bilan tanishish maqsadida Britaniyaning “Sturgeon Capital” fondi vakillari boshchiligidagi xorijiy venchur investorlar delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Delegatsiya tarkibida Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (AQSh), “Mirath” Investitsiya kompaniyasi (BAA), Germaniyaning rivojlanish moliya instituti (Germaniya), “Montrose Advisors” Investitsiya konsalting kompaniyasi (AQSh), “The Pointer Fund” (Buyuk Britaniya), “Startup Grind Georgia” (Gruziya), “212 VC” (Turkiya) vakillari va boshqalar bor edi.

Tashrif doirasida mehmonlarga so‘nggi yillarda IT sohasida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar haqida so‘zlab berildi, shuningdek, IT Parkʼdagi rezidentlik va relokatsiya dasturi taqdim etildi. Bundan tashqari, xorijiy investorlar respublikaning startap ekotizimi haqida bilib oldilar.

Eslatib oʻtamiz, soʻnggi yillarda “Sturgeon Capital” fondi BILLZ, Zip24 va Arzon Apteka kabi yettita oʻzbek startaplariga sarmoya kiritgan.

Sturgeon Capital – shtab-kvartirasi Londonda joylashgan venchur kapital fondi boʻlib, u 15 yildan beri Markaziy Osiyo va Kavkazdagi innovatsion texnologik startaplarga sarmoya kiritib, asosiy eʼtiborni dastlabki bosqichdagi fintech va raqamli biznesga qaratmoqda. Ularning portfel kompaniyalari oʻzlari faoliyat yuritayotgan iqtisodiyot va jamiyatning rivojlanishiga keng masshtabli taʼsir koʻrsatadigan, bozorning katta ulushini egallab oladigan va investorlarimizga sezilarli taʼsir va moliyaviy daromad keltiradigan mahsulotlar va xizmatlarni yaratadilar.

Fond Oʻzbekiston, Pokiston, Misr, Qozogʻiston, Gruziya, Ukraina va BAAda investitsiyalarga ega. Kompaniya oʻzlari yaratgan mahsulot/xizmatga tasdiqlangan talabni namoyish etgan texnologik kompaniyalarga sarmoya kiritmoqda. Koʻpgina hollarda, bu ERP (korxona resurslarini rejalashtirish) va SaaS (xizmat sifatida dasturiy taʼminot) loyihalari boʻlib, ular qatʼiy daromadli korxonalar uchun moʻljallangan.

 

2022-12-13