Yangi istiqbollar va imkoniyatlar: IT Park Uzbekistan va Mplus o‘rtasidagi muhim uchrashuv

“Mplus” kompaniyasining Turkiya filiali vakillari mamlakatimiz infratuzilmasi va mutaxassislar bozori bilan tanishish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurishdi. Safardan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekistonda biznesni boshlash uchun baholash va tayyorgarlik bosqichlarini oʻtkazishdan iborat.

Tashrif doirasida bosh direktor Farhod Ibragimov boshchiligidagi IT Park vakillari hamda “Mplus” kompaniyasining Turkiyadagi vakolatxonasi rahbariyati – Hakan Saran, Ogan Atasagun, Baris Sanlioglu va Burak Akar oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

2007-yilda tashkil etilgan va Xorvatiyaning Zagreb shahrida joylashgan “Mplus” biznes jarayonlari autsorsingi va koll-markaz xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tan olingan yetakchi kompaniya hisoblanadi. 2023-yilda aylanmasi 236 million dollar va xodimlar soni 15,000 nafarni tashkil etgan kompaniya xalqaro mijozlarga yuqori sifatli xizmatlar koʻrsatgan holda 15 ta mamlakatda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar rejalashtirilgan loyihaning turli jihatlarini, jumladan, Oʻzbekistonda qulay ofis joylarini tanlash va kompaniya uchun rezidentlik shartlarini muhokama qildilar. Turkiya delegatsiyasi vakillari “Zero Risk” dasturiga qiziqish bildirishdi — Oʻzbekistondagi birinchi filial Toshkent viloyati yoki Samarqand shahrida boʻlishi kutilmoqda. Shuningdek, yangi kolt-markazida ishga joylashtirish uchun nomzodlar bilan dastlabki suhbatlar oʻtkazildi.

“Mplus” kompaniyasining Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazilishi mamlakatning yetakchi autsorsing markazi sifatidagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlashi, shuningdek, yurtdoshlarimiz uchun yangi ish oʻrinlari yaratishga yordam berishi mumkin.

 

2024-05-15