Ko‘pgina mamlakatlar, odatda, ular ishlab chiqaradigan tovarlar bilan bog‘liq. Misol uchun, Braziliya deganda - qahva loviyalari, Ekvador - banan, Indoneziya deganda esa kokos ko‘z oldimizga keladi.
Bunday tushuncha, odatda, mamlakatlar ushbu mahsulotning asosiy yetkazib beruvchilari ekanligidan kelib chiqadi.
O‘zbekiston paxta eksporti bo‘yicha hech qachon yetakchi bo‘lmagan, biroq xorijliklar mamlakat nomini eshitganda, ko‘pincha shu haqda o‘ylashadi.
Buni yaqin-yaqingacha paxta respublikaning xorijga sotgan asosiy tovari bo‘lganligi bilan izohlash mumkin (ko‘rsatkich aql bovar qilmas darajaga, 70 foizga yetdi):
Eksportning tarmoq tarkibi, O‘zbekiston, 1995-2018-yillar
Manba: The Second Systematic Country Diagnostic for Uzbekistan, World Bank
So‘nggi yillarda paxta ulushi pasayib bormoqda va hozirda 10% dan kamroqni tashkil etadi, ammo tushuncha hali-hanuz saqlanib qolgan.
Biroq, ushbu holat tez orada o‘zgarishi mumkin, negaki O‘zbekiston agrar davlatdan postindustrial davlatga o‘tmoqda.
Bu yo‘lda BPO sohasi respublikani xalqaro bozorlarda tanitadigan omilga aylanishi mumkin. Jarayon allaqachon boshlangan.
Global BPO bozori yuzlab milliard dollarga teng va o‘sishda davom etmoqda
Autsorsing XX asrning o‘rtalarida, kompaniyalar ayrim vazifalarni autsorsingga yo‘llash arzonroq va osonroq ekanligini tushungan onda paydo bo‘ldi.
IT-autsorsing 1980-yillarda yuzaga kelgan. Ilk keys “Kodak” bo‘lib, u ma’lumotlar markazini o‘zi boshqarish o‘rniga jarayonni “IBM”ga autsorsing xizmati sifatida topshirdi.
Dastlabki yillarda, autsorsing bir kompaniya aniq muddatga ega bo‘lgan aniq loyiha uchun boshqasini jalb qilishi bilan cheklanar edi.
Keyinchalik kompaniyalar boshqa kompaniyalarga biznes sohalarini to‘liq topshirishni boshladilar.
2023-yilga kelib, BPO bozori 261,9 milliard dollarga baholanmoqda, prognozlarga ko‘ra, 2031-yilga kelib ko‘rsatkich 525,2 milliard dollarni tashkil qiladi.
Asosiy yo‘nalish - mijozlarga xizmat ko‘rsatish (30%). U, asosan, qo‘llab-quvvatlash xizmatlari va qo‘ng‘iroq markazlarini o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, logistika, inson resurslari, ma’lumotlarni qayta ishlash, xaridlar, marketing va buxgalteriya hisobi bo‘yicha autsorsing turi ham keng tarqalgan.
Xullas, asosiy biznesga zarar yetkazmasdan boshqa kompaniyaga o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan barcha sohalarni autsorsingga yo‘naltirish mumkin.
Asosiy bozor esa Shimoliy Amerika hisoblanadi:
Shimoliy Amerika BPO xizmatlari bozor hajmi dinamikasi
Manba: Grand View Research
O‘zbekistonning BPO xizmatlariga dunyoda talab mavjud. Ko‘rsatkich o‘sib bormoqda
O‘zbekistonda ilk BPO kompaniyalari 2000-yillarning o‘rtalarida paydo bo‘lgan, ammo keskin o‘sish so‘nggi yillarda boshlangan.
AQSh logistika bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bir nechta kompaniyalarning muvaffaqiyat hikoyalari sifatida boshlangan jarayon endi o‘ziga xos sanoatga aylanib bormoqda.
Shunday qilib, 2021-yilda mamlakatda 45 ta kompaniya bor edi, bir yil o‘tib esa ularning soni 164 taga yetdi. 2022-yilda 17 ta yangi BPO markazlari ochilib, ularda 450 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlandi.
Shu sababli, o‘tgan yili BPO xizmatlari IT xizmatlarining umumiy eksportining 140 million dollaridan 65,1 million dollarni tashkil etdi:
Asosiy xaridor AQSh hisoblanadi. Shimoliy Amerika BPO sohasiga bo‘lgan talab dunyoda eng yuqori bo‘lgan mamlakat ekan, talab bundan keyin ham o‘sishda davom etishi kutilmoqda.
Bu biznes jarayonlari autsorsing kompaniyalariga IT Park rezidentlari bo‘lishga ruxsat berilib, BPO sohasiga bir necha yil oldin tikilgan garov o‘zini oqlamoqdami degan savolga qisman javob.
Shu tufayli, kompaniyalarda endilikda quyidagi imkoniyatlar mavjud:
● jihozlangan ofis;
● barcha turdagi soliqlar va bojxona to‘lovlaridan to‘liq ozod bo‘lish;
● jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi pasaytirilishi — 7,5%;
● xorijiy kompaniyalar uchun dividendlar bo‘yicha soliqni 5% gacha kamaytirish;
● xodimlarni tanlashda yordam;
● va boshqalar.
bpo.mitc.uz sayti ishga tushirilib, bu yerda nafaqat O‘zbekistonda BPO kompaniyasini yaratishning afzalliklari sanab o‘tilgan, balki unga ariza yuborish ham mumkin.
Xalqaro hamkorlik doirasida ko‘rsatilayotgan ko‘makni ham ta’kidlash joiz. Xususan, “Huawei” va “ZTE” kompaniyasi BPO markazlarini yaratishda ishtirok etmoqda.
Ularning qiziqishi sohaning istiqbolidan dalolat beradi, negaki bu kabi yirik xalqaro kompaniyalar har qanday sarmoyani sinchkovlik bilan tahlil qiladilar va hech qachon samara bermaydigan joyga pul tikmaydilar.
Ayni paytda IT Park Jahon banki bilan “Uzbekistan Digital inclusion” loyihasi ustida ishlamoqda. Uning doirasida zarur ko‘nikmalarga o‘rgatish, hududlarda infratuzilmani rivojlantirish, O‘zbekistonni autsorsing markazlari joylashgan manzil sifatida targ‘ib qilish amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, “American Access Capital Management Corp” bilan birgalikda tashkil etilayotgan qo‘shma BPO korporatsiyasi sohada 1100 ta ish o‘rni yaratadi.
Ushbu va boshqa tashabbuslar 2023-yilda IT-xizmatlar eksporti hajmini 300 million AQSH dollariga, eksport qiluvchilar sonini esa 500 taga yetkazish imkonini berishi kutilmoqda.
XX asr “paxtasi”
Postindustrial davr o‘zi bilan ko‘plab o‘zgarishlarni olib keldi.
Elektr transport vositalari, robototexnika va muqobil energiyaga talab ortib borayotgani misni “yangi oltin”ga aylantirmoqda.
Biznes jarayonlari autsorsingiga ortib borayotgan talab, qulay sharoitlar va mavjud istiqbollar O‘zbekistonda BPO sohasini “yangi paxta” timsoliga aylantirmoqda.
To‘g‘ri, BPO bevosita IT bilan bog‘liq emas, lekin u texnologiyaga asoslangan va mamlakatning inson kapitalidan foydalanadi.
Sohada yaxshigina haq to‘lanadi. 2022-yilda o‘rtacha oylik 600-1300 dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, mamlakatda o‘rtacha ish haqi 350 dollar edi.
Umuman olganda, IT-autsorsing eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri, ammo hali qilinadigan ishlar talaygina, masalan, hech bo‘lmaganda asosiy raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lgan odamlar sonini ko‘paytirish lozim.
Agar shu va boshqa masalalarni hal qilish mumkin bo‘lsa, O‘zbekistondagi BPO ham xuddi paxta kabi, yaqin yillarda millionlab odamlarni ish bilan ta’minlashi mumkin.
Avvallari BPO sohasida 10 000 kishi faoliyat yuritgan, hozirda esa ularning soni 5 milliondan ortiq kishiga yetgan Hindiston bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Timurmalik Elmuradov — tahlilchi, R&D mutaxassisi, “Oliy iqtisodiyot maktabi” tadqiqot universiteti magistri.
“Skartaris cho‘qqisi (https://t.me/skartariss)” - O‘zbekistondagi biznes, bozor va texnologiyalar haqidagi yetakchi Telegram-kanal muallifi.
“Univer Club Family” (Rossiya) kompaniyalar guruhi, Daryo.uz internet nashrida rivojlanish uchun mas’ul bo‘lgan, Spot.uz sayti sobiq rahbari va ta’sischisi.
2023-03-27