Yaponiya kompaniyalari rahbarlari IT Park'ga tashrif buyurdilar

20-may kuni Yaponiyadan 10 nafar ishtirokchidan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibiga PHALs, FORCE, REIWA, PHEANESS, 3e INC, Regional Company Group kabi kompaniyalar rahbarlari kirdi.

Ish tashrifi doirasida delegatsiya aʼzolari IT Park ofisiga tashrif buyurdilar. Tashrif maqsadi – IT Park faoliyati va rezident statusini olish shartlari bilan tanishishdan iborat.

Mehmonlar tashkilot faoliyatining asosiy jihatlari va rezident statusini olish jarayoni bilan tanishdilar. Ular O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish shartlariga katta qiziqish bildirdilar va bu borada ko‘plab savollar berildi.

IT Park vakillari barcha savollarga mamnuniyat bilan javob berib, rezident statusining afzalliklari, soliq imtiyozlari, soddalashtirilgan ma’muriy tartib-qoidalar va O‘zbekistondagi malakali IT-mutaxassislarga kirish imkoniyati haqida to‘liq ma’lumot berishdi.

Yaponiya tomoni tashrif natijalaridan mamnunligini bildirdi va IT Parkʼga aniq qiziqish bildirdi. Delegatsiyaning taʼkidlashicha, O‘zbekistondagi IT Park xalqaro bozorda o‘z ishtirokini kengaytirish va mamlakatdagi qulay sarmoyaviy muhitdan foydalanish istagida bo‘lgan yapon kompaniyalari uchun jozibador imkoniyat yaratadi.

2023-05-22