Yaponiya va Oʻzbekiston IT sohasi oʻrtasidagi hamkorlik tobora kuchaymoqda

Yaponiyaga uyushtirilgan tashrif doirasida bosh direktor Farhod Ibragimov boshchiligidagi delegatsiyasi Yaponiyaning bir qator kompaniyalari, jumladan “Marubeni”, “Maya Mirai” va “Symphodia Phil” vakillari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi. Ushbu muzokaralar Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam boʻldi.

 

1858-yilda tashkil etilgan “Marubeni Corporation” bugungi kunda eng yirik yapon korporatsiyalaridan biri boʻlib, uning faoliyati axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va koʻchmas mulk, agrobiznes, kimyo, energetika, metallurgiya va togʻ-kon sanoatini kabi bir qancha sohalarni qamrab oladi. Korporatsiya dunyo boʻylab 55 mamlakatda 131 ta ofislarga ega boʻlib, 2023-yilda aylanmasi 68 milliard AQSh dollarini tashkil qildi, xodimlarning umumiy soni esa 4340 nafarga yetadi.

 

Marubeni

 

“Marubeni Corporation” bilan hamkorlik Oʻzbekistonda biznesni diversifikatsiya qilish uchun muhim qadam boʻladi va ayni paytda kompaniya foydali qazilmalarni qazib olish bilan shugʻullanmoqda. “Marubeni Corporation” Oʻzbekistondagi IT soha imkoniyatlarini oʻrganish va mamlakatimizda oʻz faoliyatini kengaytirish boʻyicha aniq rejalar ishlab chiqishga qiziqish bildirdi.

 

Uchrashuv chogʻida tomonlar IT sohasining turli yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, “Marubeni Corporation” tajribasini Oʻzbekiston axborot texnologiyalari bozoriga integratsiya qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Shinsuke Suyama Oʻzbekistonning IT sohasi va inson kapitalini batafsil oʻrganish maqsadida iyun oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurish niyatida ekanini taʼkidladi.

 

Maya Mirai

 

“MAYA MIRAI Inc.“ IT-infratuzilmasini ishlab chiqish, iqtidorli mutaxassislar, veb-dasturchilar va xalqaro mutaxassislarni jalb qilish bilan shugʻullanuvchi, 50 nafardan ziyod xodimlar va 1 million dollardan ortiq daromadga ega kompaniya hisoblanib, IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va qoʻshma imkoniyatlarni oʻrganishga qiziqish bildirdi. Loyihalarni autsorsing qilish maqsadida bek-ofis taklif qilish va “HQ” dasturi doirasida rezident boʻlish imkoniyati “MAYA Mirai” tomonidan ulkan qiziqish uygʻotdi.

 

“Maya Mirai” vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv chogʻida “IT Bilim” tashkiloti yordamida isteʼdodli kadrlarni jalb qilish hamda Yaponiyadagi kompaniyalarda Oʻzbekistondan turib masofaviy asosda doimiy ish bilan taʼminlash va sayyor amaliyot oʻtash kabi muhim mavzular muhokama qilindi. Shuningdek, autsorsing xizmatlarini koʻrsatish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish uchun ofis ochishda yordam koʻrsatiladi. “Mara Mirai” kompaniyalar guruhiga Oʻzbekistonlik birinchi xodimni ishga yollash toʻgʻrisida shartnoma tuzildi.

 

Symphodia Phil

 

Tashrif doirasida “Symphodia Phil” kompaniyasi asoschisi Tomoya Shikanai bilan ham uchrashuv boʻlib oʻtdi. “Symphodia Phil” shtab-kvartirasi Yaponiyaning Okinava orolida joylashgan kompaniya boʻlib, qishloq xoʻjaligi uchun sunʼiy intellekt va IT-xizmatlariga ixtisoslashgan, shuningdek, boshqa kompaniyalarga IT-mutaxassislarni jalb qilishda yordam beradi. Yillik tovar aylanmasi 4 million AQSh dollarini tashkil etadi.

 

Janob Tomoya mart oyida oʻtkazilgan “Offshore Outsourcing Tour” konferensiyasi chogʻida “One Stop Shop” xizmati orqali Oʻzbekistonda allaqachon korxona tashkil qilgani haqida gapirdi. Kompaniya may oyining ikkinchi yarmida IT Park rezidentiga aylanadi.

 

“Symphodia Phil” Yaponiyadagi mijoz kompaniyalarga IT va autsorsing xizmatlarini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Joriy yil oxirigacha 30 ta ish oʻrni yaratish va IT-xizmatlar eksporti hajmini 1 million dollargacha oshirish rejalashtirilgan.

2024-05-02