7–18-noyabr kunlari Oʻzbekiston-Yaponiya Markazi (UJC) tomonidan tashkil etilgan “UJC IT Sector Study Visit” dasturi doirasida IT Park delegatsiyasi Yaponiyaga tashrif buyurdi. Safardan maqsad Yaponiya bilan AKT sohasida hamkorlikni mustahkamlash, Yaponiyaning yetakchi IT-kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va yangi hamkorlarni izlashdan iborat.
IT Park vakillari “Pasona” kompaniyasi qoshidagi Avaji avatar texnologiyalar markazi, “Kobe International Container Terminal” (KIST) xalqaro port korporatsiyasi, “Fujitsu Technology Hall”, shuningdek, “Digital Knowledge” kompaniyasining “E-learning” ofisiga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida Yaponiyaning qator kompaniyalari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekistonning yangi IT-autsorsing markazi sifatidagi salohiyati namoyish etildi. Xususan, Yaponiyaning “Acro Holdings”, “Fujitsu Group”, “SRA Holdings”, “Digital Knowledge”, “CAL”, “Pasona Group” va “Beta Japan” IT-kompaniyalari rahbariyati bilan hamkorlik toʻgʻrisida muzokaralar olib borildi.
Delegatsiya JICA agentligi tomonidan hamkorlikda bilimlar yaratish dasturi doirasida tashkil etilgan sanoat biznesi-treningida ishtirok etdi. Trening davomida IT Park vakillariga “Reloexel” kompaniyasining missiyasi, Yaponiya IT-sanoatidagi joriy vaziyat va uning istiqbollari, shuningdek tashrif buyurgan kompaniyalar haqidagi umumiy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan taʼlim dasturi taqdim etildi.
30 ga yaqin tadbirkorlar, jumladan, “Hatten Co Ltd”, “Seekcloud”, “Noritsuisu Co Ltd” vakillari Yaponiya korxonalari va Yaponiya Xalqaro yoshlar palatasi vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda IT Parkʼga qiziqish bildirishdi. Ishtirokchilar maslahat, bilim, tajriba va innovatsion yechimlar almashish orqali hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
“datag” yosh IT-kompaniyasi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda startapni ishga tushirish va kadrlar tayyorlash bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. “datag” kompaniyasi IT Park rezidenti boʻlish va Oʻzbekistonda filial ochish istagini bildirdi.
IT Park vakillari, shuningdek, startap IT-kompaniyalarni elektron qoʻllab-quvvatlash va boshqarish xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan “Acro Holdings Ltd” kompaniyasi ofisiga tashrif buyurishdi.
“Global Technology” kompaniyasining bosh direktori Miyazaki Kadzuxiro Nakamura Oʻzbekistonda filial ochishga qiziqish bildirdi.
“Well-Solu Co.Ltd” IT kompaniyasi prezidenti Fumio Takasaka va “PARTNER Co.Ltd” kompaniyasi bosh direktori Abduvohid Rajabov ham Oʻzbekistonda oʻz ofislarini ochish istagini bildirishdi. “SRA Inc” kompaniyasi prezidenti Junji Xiratoy Oʻzbekistonga tashrifidan soʻng offshor kompaniya ochish rejasini maʼlum qildi.
“CAL Inc” kompaniyasi prezidenti va bosh direktori Maeda Akira Oʻzbekiston IT-sohasidagi islohotlar bilan tanishish uchun Oʻzbekiston va IT Parkʼga tashrif buyurish istagini bildirdi.
Safar yakuni boʻyicha “Trusted Corporation” innovatsion konsalting kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Fariza Abidova Oʻzbekistonda oʻzining startap loyihalarini yoʻlga qoʻyishi va mahalliy startaplarni qoʻllab-quvvatlashi toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, IT Park vakillari “Business Networking Event” tadbiri doirasida “Tokiodagi ochiq seminar”da taqdimot oʻtkazishdi. Tadbirda UJC, JICA, EoJ va CICC kompaniyalarining 50 ga yaqin ekspertlari, Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi vakillari, Oʻzbekistonlik tadbirkorlar va Yaponiya kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir soʻngida B2B uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.
2023-11-21