Yaponiyaning “Friendly Tech” kompaniyasi Oʻzbekistonda ofis ochishni rejalashtirmoqda

IT Park Uzbekistan bosh ofisida xizmatlar eksportini rivojlantirish boʻyicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari va Yaponiyaning “Friendly Tech Co., Ltd” kompaniyasi bosh direktori Tosiyuki Kudo oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

“Friendly Tech Co., Ltd” kompaniyasi 2020-yilda tashkil etilgan boʻlib, axborot texnologiyalari va raqamli avtomatlashtirish tizimlarini ishlab chiqish hamda inson resurslarini rivojlantirishga ixtisoslashgan.

Uchrashuvda “Friendly Tech” vakillari Oʻzbekistonda yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazish va IT Park rezidenti boʻlish niyatini bildirishdi. Kompaniya oʻzining autsorsing markazi sifatida Oʻzbekistonni bejizga tanlamadi – mamlakatimizda 12000 nafardan ziyod aholi yapon tilida soʻzlashadi, shuningdek, IT-bozori har yili kamida 125000 mutaxassisga oʻsib bormoqda.

Rezident maqomini olganidan soʻng, “Friendly Tech” Oʻzbekistonlik IT-mutaxassislarni ishga yollashni hamda IT-xizmatlarni Yaponiya bozoriga eksport qilishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, “Friendly Tech” kompaniyasi Yaponiya texnologiyalar bozorida Oʻzbekistonning mavqeyini oshirishga yordam berishi boʻyicha kelishuvga erishildi. Hamkorlik oʻzining dastlabki samarasini berib ulgurdi — joriy yilning 24-iyun kuni Oʻzbekiston bozori uchun yangi boʻlgan Yaponiyaning “Toppan Digital” kompaniyasi ishtirokida navbatdagi tashrif rejalashtirilgan boʻlib, ular Oʻzbekistonning texnologiyalar sohasiga qiziqish bildirishmoqda va investitsiya siyosati va hukumatning ochiqligidan hayratda.

“Friendly Tech” kompaniyasi bilan yaqin hamkorlik Oʻzbekiston va Yaponiya mamlakatlari oʻrtasidagi sheriklikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi, shuningdek, Oʻzbekistonda IT sohasini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshadi.

2024-05-15