Yaponiyaning Toppan Digital Co., Ltd. kompaniyasi Oʻzbekiston bilan qoʻshma loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Global marketing boʻyicha direktor Jamila Xalibaeva rahbarligida va “IT Bilim” direktori Farrux Rasulev ishtirokida “Toppan Digital Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari bilan ijrochi direktor Nobuxiro Iidzuka ishtirokida uchrashuv oʻtkazdi. Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Akixiro Sakurai ishtirok etdi.

“Toppan Digital Co., Ltd.” 2023-yilda tashkil etilgan boʻlib, raqamli transformatsiya sohasida yetakchi oʻyinchi hisoblanadi. Kompaniya “Toppan Group” va tashqi mijozlar, jumladan davlat banklari uchun raqamli transformatsiya xizmatlarini taqdim etishga ixtisoslashgan. Raqamli strategiyalar va innovatsion biznes modellarini ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan kompaniya IT-infratuzilmasi uchun ilgʻor yechimlarni taklif etadi va guruhning raqamlashtirishga oʻtishiga koʻmaklashadi. Kompaniyaning bosh qarorgohi Tokioda joylashgan boʻlib, unda 821 nafar xodim mehnat qiladi.

Uchrashuv davomida “Toppan Digital” vakillari kompaniyaning VR va 3D texnologiyalari sohasidagi soʻnggi yutuqlarini namoyish etib, Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdilar. Xususan, mamlakatimiz tarixiy yodgorliklarining raqamli nusxalarini yaratish boʻyicha qoʻshma loyiha muhokama qilindi. Bundan tashqari, kompaniya oʻz texnologik loyihalarida ishlash uchun oʻzbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish maqsadida maxsus tayyorgarlik dasturlarini joriy etish niyatini bildirdi.

Shuningdek, “Toppan Digital Co., Ltd.” Oʻzbekistonda “Japan Digital University” bilan hamkorlikda yapon loyihalari uchun mahalliy mutaxassislarni jalb qilish maqsadida loyiha ishga tushirish rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Ushbu tashabbus muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, kompaniya Oʻzbekistonda oʻz ofisini ochish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish va “IT Bilim” koʻmagida qoʻshma loyihalarga oʻzbekistonlik mutaxassislarni jalb etishga kelishib oldilar. Bunday hamkorlik oʻzbek yoshlariga xalqaro tajribani egallash va jahon miqyosidagi koʻnikmalarini oshirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston IT sektori uchun ushbu hamkorlik ilgʻor bilim va texnologiyalar almashinuvi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, bu esa mamlakatda yuqori texnologiyali sohalarni rivojlantirishga va IT sohasida yangi ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

2024-11-02