Yaponiyaning uchta kompaniyasi O‘zbekistonni autsorsing yo‘nalishi sifatida ko‘rib chiqmoqda

24-iyun kuni IT Park jamoasi “Friendly Tech Co.”, “Digital Knowledge Co.” va “Toppan Digital INC” kompaniyalari vakillaridan iborat Yaponiya delegatsiyasini qabul qildi.

“Friendly Tech Co.” — 2020-yilda tashkil etilgan yapon kompaniyasi. Kompaniya vakillari Oʻzbekistonda oʻz autsorsing ofislarini ochishga alohida qiziqish bildirdilar. Ular 2024-yil iyul oyida mamlakatdagi birinchi ofislarini tashkil etishadi va bu IT Park rahbariyati bilan 10-may kuni texnopark shtab-kvartirasida hamda 25-aprel kuni bosh direktor Farhod Ibragimovning Tokioga tashrifi chogʻida “UOC” konferensiyasida oʻtkazilgan muzokaralarning davomiga aylanadi.

Shuningdek, 250 nafardan ortiq xodimga ega bo‘lgan va yillik daromadi taxminan 4 million dollarni tashkil etuvchi “Digital Knowledge Co.” kompaniyasi bilan muzokaralar olib borildi.

Kompaniya onlayn taʼlim sohasida dasturiy taʼminotni ishlab chiqish bilan shugʻulllanadi. “Digital Knowledge” kompaniyasi allaqachon Oʻzbekistondagi 2000 dan ortiq maktab va kompaniyalarni xodimlar va talabalarni onlayn oʻqitishga moʻljallangan dasturiy taʼminot bilan jihozlagan. Shuningdek, kompaniya, mamlakatimizda 560 nafardan ortiq talabalar tahsil olayotgan “Japan Digital University”ga asos soldi.

IT Park bilan oʻtkazilgan uchrashuvda “Digital Knowledge” kompaniyasi rahbariyati Yaponiya va O‘zbekistonda “Japan Digital University” bitiruvchilari uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga qiziqish bildirdi. Kelgusida kompaniya yangi loyihalarni amalga oshirish va Yaponiya kompaniyalarini mahalliy bozorga taklif qilish orqali Oʻzbekiston hududidagi oʻz ishtirokini oshirishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, IT Park vakillari “Toppan Digital INC” kompaniyasi bilan muzokaralar olib borishdi.

Toppan Digital INC — 2023-yilda tashkil etilgan yapon kompaniyasi boʻlib, biznesning turli sohalarida raqamli yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish bilan shugʻullanadi. Kompaniyaning 2023-yildagi daromadi 3 million dollardan ziyodni tashkil qildi va 821 nafar xodimga ega.

Kompaniya IT Park tomonidan taqdim etiladigan rezidentlik imkoniyati bilan batafsil tanishib chiqdi. “Toppan Digital INC” vakillariga IT Park rezidenti sifatida Oʻzbekistonda biznes yuritishning barcha afzalliklari haqida batafsil maʼlumot berildi. “Zero risk” dasturi namoyish etildi, shuningdek, mamlakatimizdagi koʻp sonli yosh IT-mutaxassislar haqida soʻz yuritildi.

“Toppan Digital INC” kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonda ofis ochish yoki kompaniyaning Yaponiyadagi operatsion faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri oʻzbekistonlik mutaxassislarni ishga yollash variantini koʻrib chiqmoqda. Ular ikki mamlakatning umumiy madaniy xususiyatlari O‘zbekiston iste’dodlari ishtirokida biznes jarayonlarini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.

Mazkur uchrashuv Yaponiya xususiy sektorining Oʻzbekiston IT-sohasiga, xususan, mamlakatdagi malakali mutaxassislarga boʻlgan qiziqishini taʼkidlaydi. Mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikning kuchayishi tufayli Oʻzbekistonda yangi ish oʻrinlari paydo boʻlmoqda va yirik texnologik kompaniyalari orasida talab yuqori boʻlgan koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan xorijiy dasturlar boʻyicha taʼlim darajasi oshmoqda.

2024-06-26