Yevropa Parlamenti delegatsiyasining IT Parkʼga tashrifi

2023-yilning 22-fevral kuni “IT Park Uzbekistan”ning Toshkentdagi filialiga Yevroparlament deputati Ilxan Kyuchuk, Yevroparlament deputati yordamchisi Valentin Tonchev va “Yevropa qo‘shnichilik kengashi” tahliliy markazi direktori Samuel Doveri Vesterbye tashrif buyurishdi.

Tashrifning maqsadi – mamlakatdagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni bilan tanishish va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan mehmonlarni Tashqi iqtisodiy faoliyat departamenti boshligʻi Alisher Akramov, Kommutatsiya va uzatish tizimlari boʻlimi boshlig‘i Obid Asadov, IT Park tomonidan esa Direktorning birinchi oʻrinbosari Abdulahad Kuchkarov hamda Xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boʻlimi boshligʻi Nigora Mirjalilova kutib oldilar.

Uchrashuv davomida mehmonlarga IT Park faoliyati va uning O‘zbekistonda IT industriyasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi haqida so‘zlab berildi. Shuningdek, ularga IT Park rezidentlari, jumladan, u yerda ishlab chiqilayotgan loyihalar va kompaniya turlari haqida so‘zlab berildi hamda O‘zbekistondagi BPO sektori haqida umumiy ma’lumot berildi. Uchrashuvda tomonlar Germaniyaning Heidelberg shahridagi IT Park filiali vakolatxonasi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Uchrashuvning asosiy qismidan so‘ng mehmonlar Toshkentdagi IT Park filiali va alohida ehtiyojli shaxslar uchun o‘quv markazlari bo‘ylab ekskursiya qilishdi.

Ilxan Kyuchuk O‘zbekistonning Respublika IT sohasini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi alohida muvaffaqiyatlarini ta’kidladi, shuningdek, zamonaviy jamiyatni rivojlantirish maqsadida yoshlarga taqdim etilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Kelajakda IT Park Uzbekistan Yevroparlamenti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida bir qancha qoʻshma loyihalarni tashkil etishga umid qilmoqda.

2023-02-24