“Yosh dasturchi”: IT Park imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlamoqda

22–23-may kunlari IT Park Uzbekistan’ning Toshkent shahridagi filialida ko‘zi ojiz yosh dasturchilar loyihalarini rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yosh dasturchi” nomli inklyuziv tanlov bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir axborot texnologiyalari sohasida teng imkoniyatlar yaratish va O‘zbekiston IT hamjamiyatida inklyuzivlikni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi. Tanlovning respublika bosqichi O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati hamda IT Park Uzbekistan hamkorligida o‘tkazildi.

Tanlovda O‘zbekistonning 10 ta hududidan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan, maxsus dasturiy vositalardan foydalangan holda raqamli yechimlar va IT mahsulotlar yaratish bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.

Texnologiya orqali imkon berish
Ishtirokchilar ko‘zi ojiz foydalanuvchilar ehtiyojlari va imkoniyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar, mobil ilovalar va boshqa raqamli loyihalarni taqdim etdilar. Tanlov nafaqat professional ko‘nikmalarni namoyish etish maydoniga, balki imkoniyati cheklangan boshqa yoshlarni ham IT sohasida rivojlanishga undovchi ilhom manbaiga aylandi.

Tanlovning birinchi kunida ishtirokchilar to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha bellashdilar. Har bir yo‘nalish bo‘yicha baholash alohida hakamlar hay’ati tomonidan maxsus topshiriqlar asosida amalga oshirildi. Bunday yondashuv baholash jarayonining xolis va professional tarzda o‘tishini ta’minladi.

Ikkinchi kuni o‘quv seminari, ochiq muloqotlar va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

G‘oliblar

1-o‘rin: Shahzod Hasanov – 3 million so‘m pul mukofoti, diplom va Samsung Tab plansheti bilan taqdirlandi.

2-o‘rin: Jaloliddin Sirajiddinov – 2 million so‘m, diplom va Samsung Tab planshet oldi.

3-o‘rin: Farrux Jumanazarov – 1 million so‘m, diplom hamda Samsung Tab bilan mukofotlandi.

Shuningdek, faol va ijodkorlik ko‘rsatgan yana 10 nafar ishtirokchiga 500 ming so‘mlik rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi.

Inklyuziya – kelajakka yo‘l
IT Park Uzbekistan har bir iste’dod sohibiga o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi mumkin bo‘lgan inklyuziv ekotizimni yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda. “Yosh dasturchi” tanlovi esa texnologiyalar har kim uchun, jismoniy imkoniyatidan qat’i nazar, ochiq va mavjud bo‘lishi kerakligini amalda isbotlovchi muhim qadamlardan biridir.

IT Park kelgusida ham imkoniyati cheklangan shaxslarni raqamli iqtisodiyotga jalb etishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Buning orqali ular uchun ta’lim olish, kasbiy rivojlanish va munosib mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.

2025-05-26