2022-yil 23-dekabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi IT Park bilan hamkorlikda Toshkent shahar tumanlar hokimliklarining barcha yordamchilari uchun “Masofaviy xizmatlar (IT-autsorsing), IT Parkʼda ishlash va frilans orqali yuqori maosh to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish” mavzusida onlayn seminar tashkil qildi.
Tadbir spikerlari AKT vazirligining Raqamli sanoatni rivojlantirish va IT-rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash boʻlimi boshlig‘i Oybek Ishanxojayev, IT Park rezidentlarini ro‘yxatdan oʻtkazish va monitoring qilish boʻlimi boshlig‘i Lazizbek Xudayev, masofaviy xizmat koʻrsatishni tashkil qilish (BPO) boʻlimi boshligʻi Farrux Erkinov va Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari Markazi mutaxassisi Ibroxim Israilov boʻldilar.
Maʼlumki, respublikada IT-autsorsingni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, bunda BPO yoʻnalishi muhim oʻrin tutadi. Seminar davomida hokimlik xodimlariga BPO yo‘nalishi va uning afzalliklari haqida so‘zlab berildi. Shunday qilib, Farrux Erkinov masofaviy xizmatlar (BPO-xizmatlar) ko‘rsatish orqali yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish haqida gapirdi.
Ibroxim Israilov O‘zbekistonda frilans faoliyati va uning afzalliklari haqida soʻzlab berdi.
Lazizbek Xudayev taqdimot o‘tkazdi, unda IT Park rezident kompaniyalari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, rezident maqomini olish haqida gapirdi. Uning taʼkidlashicha, 2022-yilning 3-chorak yakunlariga koʻra, IT Park rezident kompaniyalari eksporti hajmi $82,0 millionga yetgan, shundan $41,0 millioni BPO kompaniyalari xizmatlari eksportiga toʻgʻri kelgan.
Sessiya davomida O‘zbekiston bugungi kunda yangi autsorsing markaziga aylangani, autsorsing kompaniyalarining faol rivojlanishiga esa xalqaro talablarga javob beradigan qonunchilik, iqtidorli ingliz tilida so‘zlashuvchi yoshlar, zarur zamonaviy infratuzilma, shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlari, IT sohasida sifatli taʼlim mavjudligi va boshqalar yordam berayotganini ta’kidladi.
Qolaversa, ushbu yoʻnalishda yoshlarga taʼlim berish muhimligi ta’kidlandi. Shu maqsadda mamlakatda yoshlar bandligini ta’minlash, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini yaratish, IT-xizmatlar eksportini oshirishga qaratilgan BPO maktablari ishga tushirilmoqda.
Tadbir yakunlari bo‘yicha davlat organlari, vazirlik va idoralar vakillari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada yaqinroq yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu formatdagi uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazish rejalashtirilishi kelishib olindi.
2022-12-24