IT Park rezidentlarga o‘sishda qanday yordam beradi: Software Wizards bilan uchrashuv

Mamlakat IT-sanoatini rivojlantirishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida faoliyat yuritayotgan IT Park Uzbekistan muntazam ravishda uchrashuvlar va muhokamalar tashkil etish orqali rezidentlarni faol qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda. Bunday tadbirlarning maqsadi nafaqat fikr-mulohazalar olish, balki o‘sish uchun yangi imkoniyatlarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatish va ekotizim ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Shunday tadbirlardan biri “Software Wizards” kompaniyasi ofisidagi uchrashuv bo‘ldi.

“Software Wizards” — xalqaro “DSR” korporatsiyasining bo‘linmasi — O‘zbekistonda 2021-yil dekabr oyida ochilgan. “DSR” bosh qarorgohi AQShning Kolorado shtatida joylashgan bo‘lib, kompaniya vakolatxonalari Portugaliya, Yaponiya va endi O‘zbekistonda ham faoliyat yuritmoqda. 2022-yil may oyida “Software Wizards” Toshkentdagi IT Park rezidentiga aylanib, kompaniyaning kengayishida muhim bosqich bo‘ldi. O‘zbekiston bozoriga kirish qarori mamlakatning jadal iqtisodiy o‘sishi va IT Park rezidentlik dasturi orqali hukumat tomonidan innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlanishi bilan izohlanadi, bu esa hamkorlik va o‘sish uchun qulay sharoit yaratdi.

IT Park rezidenti bo‘lgan kompaniya AQShga IT-xizmatlarini eksport qiladi va 50 nafardan ortiq malakali dasturchilarga ish o‘rinlari taqdim etadi.

Uchrashuv davomida kompaniyaning joriy yutuqlari, 2025-yilga mo‘ljallangan rejalari va IT Park bilan hamkorlikdagi ishlarga oid muhim masalalar muhokama qilindi. Asosiy e’tibor quyidagi jihatlarga qaratildi:

  • Kompaniyaning eksport imkoniyatlarini kengaytirish;
  • Yangi ish o‘rinlarini yaratish;
  • Yangi tashabbuslarni joriy etish orqali biznesni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash.

Kompaniya “Zero Risk” va “Local2Global” dasturlariga qiziqish bildirdi.

Zero Risk dasturi

“Zero Risk” dasturi muhokamaning asosiy mavzularidan biriga aylandi. Uning maqsadi kompaniyalarga xavflarni minimallashtirgan holda O‘zbekistonda rivojlanishga yordam berishdir. Bu tashqi tahdidlarga e’tibor qaratmasdan, o‘sishga diqqatni jamlash imkonini beradi. Uchrashuv davomida ishtirokchilar dastur “Software Wizards” kompaniyasiga qanday foyda keltirishi mumkinligi va uning salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun qanday choralar ko‘rish kerakligini muhokama qilishdi.

Local2Global dasturi

Biznes geografiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. “Local2Global” dasturi doirasida yaponiyalik sheriklar bilan hamkorlik qilish g‘oyasi katta qiziqish uyg‘otdi. Bunday qadamlar Osiyo bozorlariga chiqish, yangi sheriklik aloqalarini o‘rnatish va investorlar hamda texnologik kompaniyalar bilan uzoq muddatli hamkorlik qilish uchun ajoyib imkoniyat bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda “Software Wizards” tajribasi: 3 nafar muhandisdan 76 nafar xodimgacha

25 yildan ortiq tajribaga ega “DSR” startaplardan tortib “Fortune 500” ro‘yxatidagi kompaniyalargacha bo‘lgan mijozlar bilan hamkorlik qiladi. Kompaniyaning dasturiy yechimlari turli xalqaro mahsulotlarda, jumladan, “Toyota” avtomobillarida, “Shinkansen” tezyurar poyezdlarida, shuningdek, “Netflix”, “Toshiba”, “Texas Instruments” va “Seagate” kabi brendlarning xizmatlarida qo‘llaniladi. “DSR” korporatsiyasining ixtisoslashuvi turli sohalarni, xususan, IoT, jumladan simsiz texnologiyalar va aqlli uy uchun yechimlarni qamrab oladi. Bundan tashqari, “DSR”ning “Noema” sho‘ba korxonasi transport, sanoat, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik, neft-gaz va muhofaza kabi sohalar uchun sun’iy intellekt yechimlari va kompyuterli ko‘rish texnologiyalarini ishlab chiqmoqda.

“O‘zbekistonda tashkil etilganidan beri ‘Software Wizards’ ajoyib o‘sishni namoyish etmoqda. Uchta muhandisdan boshlab, bugungi kunda kompaniyada 76 nafar xodim ishlaydi, ulardan 29 nafari o‘zbekistonlik yuqori malakali mutaxassislardir. Ular sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va blokcheyn bo‘yicha noyob bilimlarga ega va ularning til bilish ko‘nikmalari kompaniyaning global muloqotini yaxshilashga yordam beradi,” — dedi “Software Wizards” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Timur Rahmatullayev.

O‘z biznes faoliyatiga qo‘shimcha ravishda, “Software Wizards” mahalliy iste’dodlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun bepul IT-kurslarini ishga tushirdi. 2011-yilda Yaponiyaning “OTSL Inc.” kompaniyasi bilan hamkorlikda boshlangan “DSR” IT-kurslari bugungi kunda xalqaro miqyosda taqdim etilmoqda. 2022-yilda kompaniya 15 ta davlatdan 2000 dan ortiq arizani qabul qildi, ularning aksariyati O‘zbekiston va Rossiyadan kelib tushgan. Mazkur kurslarning ko‘plab eng yaxshi bitiruvchilari “Software Wizards “jamoasining a’zolariga aylanishdi.

“IT Park ko‘magida amalga oshirilgan eng muhim loyihalardan biri O‘zbekistonda bo‘lajak IT-mutaxassislarni tayyorlashda muhim rol o‘ynaydigan ‘DSR’ o‘quv markazini tashkil etish bo‘ldi. IT Parkning qo‘llab-quvvatlashi mamlakat yoshlariga IT sohasida ko‘nikmalarni egallash uchun noyob imkoniyatlarni taqdim etib, ‘Software Wizards’ning bepul kurslariga e’tiborni jalb qilishga yordam berdi,” — dedi Rahmatullayev.

“Software Wizards” kompaniyasining O‘zbekistondagi muvaffaqiyati mamlakat IT sohasining ulkan salohiyatini tasdiqlaydi va sohadagi global talabni qondirish uchun mahalliy iste’dodlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidlaydi.

2025-01-24