IT Park Ventures va DOMiNO Ventures strategik hamkorlik o‘rnatdi va O‘zbekiston startaplarini qo‘llab-quvvatlash uchun uchrashuv o‘tkazdi

Xalqaro hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonni global innovatsion ekotizimga integratsiyalash doirasida “IT Park Ventures” va “DOMiNO Ventures” o‘rtasida strategik anglashuv memorandumi imzolandi. “IT Park Ventures” nomidan hujjatni bosh direktor Azamat Karamatov, “DOMiNO Ventures” nomidan esa boshqaruvchi hamkor Yag‘iz Karadeniz imzoladi.

Ushbu memorandum yuqori texnologiyali startaplarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, venchur kapitalini jalb etish va O‘zbekistonning istiqbolli texnologik kompaniyalariga birgalikda sarmoya kiritishga qaratilgan. Hamkorlik o‘zbek startaplari uchun yangi imkoniyatlar ochib, ularga xalqaro investitsiya muhiti, strategik resurslar va ilg‘or tajribadan foydalanish imkonini beradi.

DOMiNO Ventures: venchur investitsiyalarining global o‘yinchisi

“DOMiNO Ventures” — sun’iy intellekt, chuqur texnologiyalar, toza texnologiyalar va boshqa ilg‘or texnologiyalar sohasidagi tez rivojlanayotgan startaplarni moliyalashtirishga ixtisoslashgan Niderlandiyaning yetakchi venchur fondidir. Amsterdam, Istanbul, Toshkent, Olmaota, Boku, Tallin, Varshava va Tbilisida ofislari mavjud bo‘lgan fond global o‘sish va kengayishga yo‘naltirilgan texnologik kompaniyalarni faol qo‘llab-quvvatlaydi.

Hamkorlikning boshlanishi: DOMiNO Ventures x IT Park Ventures uchrashuvi

Hamkorlikni yo‘lga qo‘yish doirasida “IT Park Ventures”, IT Park Uzbekistan “U-Enter” axborot ko‘magida “DOMiNO Ventures” boshqaruvchi hamkori Yag‘iz Karadeniz va startaplarni izlash hamda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha menejer Tohir Deniz Ozustun bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda startap asoschilari, investorlar va texnologik ekotizim vakillari — “Plug and Play Uzbekistan”, “StrategEast”, “1K Leaders” va boshqalar ishtirok etdi.

Uchrashuv asosiy mavzulari va xulosalari:

  • “DOMiNO Ventures” investitsiya strategiyasi va uning O‘zbekiston startaplarining tez o‘sishi uchun imkoniyatlari.
  • Hamkorlikda investitsiyalash mexanizmlari va xalqaro venchur fondlari uchun loyihalarning istiqbolliligini belgilovchi mezonlar.
  • Keys-stadi: 2024-yilda IT Park Uzbekistan ko‘magida “DOMiNO Ventures” tomonidan moliyalashtirilgan “Point AI” — o‘zbek startapining investitsiya yo‘lini tahlil qilish.
  • Markaziy Osiyo venchur bozori dinamikasi va mahalliy texnologik kompaniyalar oldida turgan asosiy qiyinchiliklar.

Shuningdek, tadbir yakunida ishtirokchilar xalqaro investorlar bilan aloqa o‘rnatish, loyihalarni yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro bozorlarga chiqish bo‘yicha maslahatlar olish va kontakt almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Uzoq muddatli ta’sir va istiqbollar

“IT Park Ventures” va “DOMiNO Ventures” o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat mamlakatga venchur kapital oqimini tezlashtiradi, balki global miqyosda raqobatbardosh startaplarni yetishtira oladigan ekotizimni shakllantirish uchun zamin yaratadi.

Milliy tashabbuslar va xalqaro investitsiya institutlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir barqaror texnologik iqtisodiyotni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega va bu hamkorlik mintaqada yangi texnologik yetakchilarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi.

2025-02-21