IT Park Uzbekistan’da Latviya Investitsiyalar va taraqqiyot agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Georgiy Voyevoda bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. IT Park jamoasiga xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchilik qildi. Hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari va 2025-yilga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi muhokamalarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Bu nima uchun muhim?
Latviya investitsiyalar va rivojlanish agentligi (LIRA) Latviya kompaniyalarining eksporti va raqobatbardoshligini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, turizm va innovatsiyalarni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Agentlik startaplarga innovatsion g‘oyalarni biznesga aylantirishda ko‘maklashadi, ularning xorijdagi taniqligini oshiradi, ko‘rgazma va konferensiyalarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlaydi. “LIRA”, shuningdek, Latviyada o‘z g‘oyalarini amalga oshirishni istagan Yevropa Ittifoqidan tashqari mamlakatlardan kelgan startap asoschilari uchun "startap vizasi"ni taqdim etib, tadbirlar uyushtiradi.
Asosiy kelishuvlar
Uchrashuv davomida Georgiy Voyevoda O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasiga qiziqish bildirdi, shuningdek, Boltiq va Skandinaviya mamlakatlari bilan faol ishlash uchun Latviyada IT Park vakolatxonasini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Bundan tashqari, tomonlar “ICTWeek 2025” doirasida Latviya IT-forumi va Latviya pavilyonini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
“Xalqaro hamkorlikni kengaytirish IT Park’ning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Latviya rivojlangan raqamli infratuzilma va qulay investitsiya muhitiga ega bo‘lib, bu O‘zbekiston IT-kompaniyalari uchun keng istiqbollar ochadi. Ishonchimiz komilki, LIRA bilan hamkorligimiz O‘zbekistonning xalqaro IT-xab sifatidagi mavqeini mustahkamlashga yordam beradi,” — dedi IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova.
Latviya Investitsiyalar va taraqqiyot agentligi kabi xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik xalqaro bozorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekiston IT-kompaniyalarining xorijdagi ishtirokini kengaytirish hamda tajriba va innovatsiyalar almashinuvini rag‘batlantirishga ko‘maklashadi. Bunday sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekistonda startaplarni rivojlantirish, texnologik kompetensiyalarni mustahkamlash va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish uchun qulay muhit yaratilmoqda.
IT Park Uzbekistan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy IT-sanoatning eksport salohiyatini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratib, xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. IT Park kompaniyalarga yangi bozorlarga kirish va o‘sish imkoniyatlarini taqdim etish orqali mamlakatni raqamli transformatsiya qilishning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolmoqda.
2025-02-20