O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida raqamli texnologiyalar va IT-autsorsing sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida raqamli texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Germaniya federal raqamli texnologiyalar va transport vazirligi (BMDV) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv konstruktiv va ishbilarmonlik muhitida o‘tdi, unda tomonlar kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

Muzokaralarda Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov, Germaniya tomonidan esa Davlat kotibi Shtefan Shnor, ikki tomonlama raqamli siyosat bo’limi rahbari Mark Ledermann va xalqaro munosabatlar va tashqi iqtisodiy faoliyat bo’limi maslahatchisi Diana Xuster ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida raqamlashtirish, shuningdek, transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini kengaytirish istiqbollari ko'rib chiqildi.

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov mamlakatimizda axborot texnologiyalari va raqamlashtirish sohasida, shuningdek, transport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, “O'zbekiston 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida ko’rilayotgan chora-tadbirlar to'g'risida ma'lumot berdi.

Farhod Ibragimov IT Parkni xalqaro kompaniyalarga soliq imtiyozlari, bojxona preferensiyalari, qo‘llab-quvvatlash dasturlari va kompaniyalarga O‘zbekistonda hech qanday to’siqlarsiz faoliyat boshlash va global biznes yuritish imkonini beruvchi boshqa kompleks xizmatlarni taqdim etuvchi jadal rivojlanayotgan platforma sifatida taqdim etdi.

Uchrashuvda Germaniyada mutaxassislar yetishmovchiligi masalalari va O'zbekistonda salohiyatli va nemis tilini mukammal biladigan, IT-autsorsing yo'nalishida hamkorlik qilish istiqbollarini ochib beradigan ko'plab yosh iste'dodlarning mavjudligi ham ko'rib chiqildi. Qayd etilishicha, ayni vaqtda 12 ga yaqin o’zbek kompaniyalar Germaniyaga IT-xizmatlarni eksport qilmoqdalar, shuningdek, nemis kapitali ishtirokidagi 10 ga yaqin kompaniyalar O'zbekistonda faoliyat yuritmoqda.

Davlat kotibi Shtefan Shnor Germaniya va O'zbekiston o'rtasidagi strategik hamkorlikning o'zaro iqtisodiy o'sish uchun muhim ahamiyat kasb etishini, ushbu vazifani tezlashtirish uchun Germaniya biznes uyushmalari va startap assotsiatsiyalari bilan aloqalarni o'rnatishda yordam berishni taklif qildi.

Germaniya vakillari IT-autsorsing sohasining nemis bozoriga kirish uchun boshlang'ich platforma sifatida muhimligini ta'kidladilar. Germaniyadagi IT Park filiali ushbu missiyani amalga oshirishda ko’maklashuvchi tashkilot sifatida belgilandi, bu esa oʻzbek kompaniyalarining xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirish yoʻlidagi muhim qadam boʻladi.

Uchrashuv yakunida vazirlik delegatsiyasi mamlakat salohiyati va imkoniyatlarini baholash uchun O'zbekistonga taklif qilindi. Germaniya vakillari tashrifga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar, bu esa ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga o'zaro qiziqishning dalilidir.

Hamkorlik O‘zbekiston IT-sanoatini rivojlantirish va kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi hamda raqamli texnologiyalar va autsorsing sohasida xalqaro aloqalarni mustahkamlashga ko'maklashib, iqtisodiy o'sish va yangi ish o'rinlari yaratish imkonini beradi.

2024-04-29