Saudiya Arabistonidagi oʻzbek startaplari: xalqaro bozor sari muhim qadam

2025-yilning 7-13-fevral kunlari IT Park delegatsiyasi Ar-Riyodga tashrif buyurdi. Tashrifning asosiy maqsadi IT-xizmatlar eksportini koʻpaytirish, xalqaro IT va BPO bozorlarida Oʻzbekiston salohiyatini oshirish, shuningdek, mamlakatimizda IT sohasida faoliyat yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni targʻib qilishdan iborat edi. Tashrif IT Parkʼning Saudiya Arabistonidagi vakolatxonasi koʻmagida amalga oshirildi.

Tashrif doirasida 10 ta rezident kompaniya uchun koʻrgazma stendlari tashkil etildi, Saudiya Arabistonining yetakchi texnologiya kompaniyalari va investorlari bilan 80 dan ortiq uchrashuv oʻtkazildi. Mazkur uchrashuvlar eksport yoʻnalishlarini kengaytirish va startap ekotizimini yangi texnologik yechimlar bilan boyitish masalalarini muhokama qilishga xizmat qildi.

“Sarmo Labs” oʻzbek texnologiyalarini saudiyalik mijozlarga taqdim etish boʻyicha “Telos House” kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi. Kompaniya Oʻzbekistonning EdTech loyihalariga sarmoya jalb qilish uchun “Classera”, “AlGooru”, shuningdek, “Supercharger Ventures” va xalqaro investorlar klubi bilan muzokaralar olib bordi.

“kpi.com” biznes jarayonlarini optimallashtirish va Saudiya bozoriga kiruvchi kompaniyalar uchun soliq muvofiqligini taʼminlash maqsadida “Fai” kompaniyasi bilan memorandum imzoladi. Potensial mijozlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, namoyish taqdimotlari oʻtkazilishi rejalashtirildi.

“Edsmart” Saudiya Arabistonining taʼlim, savdo va investitsiya sohalari vakillari bilan 20 dan ortiq uchrashuv va taqdimot oʻtkazib, mintaqada kengayish uchun muhim aloqalar oʻrnatdi.

“XCDM” bir nechta potensial mijozlar bilan muzokaralar olib borib, shartnomalar tuzish shartlarini muhokama qilishni davom ettirdi. Hozirda kompaniya Iroqning eng yirik “Talabatey” yetkazib berish ilovasi uchun sunʼiy intellektni joriy etish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda.

“PDP” Saudiya Arabistonining taʼlim va IT-kompaniyalari bilan bir qator muhim uchrashuvlar oʻtkazdi, jumladan, “Prospectuz DGTAL” bilan amaliyot va autstaffing masalalari boʻyicha, shuningdek, “OʻReilly Platform” bilan “PDP University” uchun 30 kunlik sinov imkoniyatini taqdim etish boʻyicha muzokaralar olib bordi.

“OneBuy Technology” potensial hamkorlik va shartnomalar boʻyicha kelishuvlarga erishdi. Kompaniya hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida aprel oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan investor Xolid bilan uchrashuv oʻtkazdi. ERP tizimini butun mintaqa boʻylab kengaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

“Dataprizma” oziq-ovqat sanoati, savdo va investitsiya sohasi vakillari uchun taqdimotlar oʻtkazdi. Kompaniya Saudiya Arabistoni milliy restorani bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Tadbir davomida “Dataprizma” yangi foydalanuvchilarni jalb qilish uchun 10 ta onlayn uchrashuv rejalashtirdi. Kompaniya mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va Saudiya bozoriga moslashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqishni moʻljallamoqda.

“Weltech LLC” FinTech va toʻlov texnologiyalari sohasidagi xalqaro ekspertlar va kompaniyalar bilan uchrashuvlar tashkil etib, hamkorlik istiqbollari va Saudiya bozoriga kirish masalalarini muhokama qildi.

“iQtidorli” turli soha vakillari bilan bir qator taqdimotlar va muhokamalar oʻtkazdi, “Onebuy” bilan hamkorlik shartnomasini tuzdi hamda integratsiya va mahsulot taqdimotini muhokama qilish uchun keyingi uchrashuvlarni rejalashtirdi.

“Testbor.com” taʼlim sohasidagi yetakchi investorlar va innovatorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, bir nechta yirik kompaniyalar bilan hamkorlik boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.

IT Park delegatsiyasining Ar-Riyodga amaliy tashrifi nafaqat Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamladi, balki axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochdi.

Imzolangan bitimlar va oʻrnatilgan sheriklik munosabatlari innovatsion ekotizimni rivojlantirish, ikki mamlakat startaplari va texnologik kompaniyalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga boʻlgan oʻzaro intilishni namoyon etadi. Erishilgan kelishuvlar hamkorlikni yanada kengaytirish, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va global bozorda raqobatbardoshlikni oshirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.

2025-02-20