Sigma Software Group Toshkentda yangi ofis ochmoqda: O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasi uchun turtki

Inha universitetida IT Park ko‘magida Sigma Software Group kompaniyasining yana bir ofisi ochildi. Ochilish marosimi O‘zbekistonning raqamli salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlardan iborat bo‘lgan mazmunli dastur bilan birga o‘tkazildi.

Bu nima uchun muhim?

“Sigma Software” 2000 dan ortiq IT-mutaxassislarni birlashtirgan shved IT-kompaniyasidir. Kompaniya 12 mamlakatda ofislariga ega va endi O‘zbekistonda faoliyat boshlayapti. “Sigma Software” global IT-bozorida 20 yildan beri ishlab kelmoqda, uning mijozlari orasida “SAS”, “Knorr-Bremse”, “AstraZeneca”, “Volvo”, “Scania” kabi mashhur xalqaro brendlar bor.

“Sigma Software” boshqaruvchi direktori Veronika Korj qutlov so‘zi bilan chiqish qildi. U kompaniyaning Markaziy Osiyoda kengayishi strategik ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, mahalliy hamkorlar bilan samarali hamkorlikka ishonch bildirdi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori Muzaffar Jalolov malakali mutaxassislarni tayyorlashda ta’lim muassasalari va IT-kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikning muhimligini qayd etdi.

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov mintaqada xalqaro IT-kompaniyalarning kengayishini qo‘llab-quvvatlab, ularning mamlakat texnologik ekotizimini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini alohida ta’kidladi.

Panel muhokamasi

Tadbir davomida “Sigma Software University” o‘qitish bo‘yicha direktori Maksim Pochebut “O‘zbekiston kelajagi uchun raqamli sinergiyalarni yaratish” mavzusida ma’ruza qildi. U mamlakatning raqamli transformatsiyasini tezlashtirish uchun xalqaro tajriba va mahalliy tashabbuslarni uyg‘unlashtirish muhimligiga e’tibor qaratdi.

Tadbir doirasida “O‘zbekistonda raqamli transformatsiya — hamkorlikdagi yondashuv” mavzusida panel muhokamasi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston IT-ekotizimini rivojlantirishda donorlarning roli, O‘zbekistonda xalqaro IT-kompaniyalar uchun imkoniyatlar, shuningdek, mamlakatning raqamli ishchi kuchi uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish va ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Muhokamani “StrategEast” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Aysuluu Kojomkulova boshqardi.

“Sigma Software Optico” boshqaruvchi direktori Veronika Korj “Sigma Software” kompaniyasi nima uchun Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari orasida aynan O‘zbekistonni kengayish uchun asosiy yo‘nalish sifatida tanlaganini tushuntirdi. U Yevropa IT-kompaniyasi uchun O‘zbekistonning raqamli bozoriga kirishda mavjud imkoniyatlar va qiyinchiliklarni sanab o‘tdi hamda “Sigma Software” O‘zbekiston IT-ekotizimiga qanday integratsiyalashishi va mahalliy startaplar hamda IT-mutaxassislar bilan qanday hamkorlik qilishini rejalashtirayotgani haqida so‘zladi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori, Toshkentdagi Inha universitetining sobiq rektori Muzaffar Jalolov O‘zbekiston universitetlarining sun’iy intellekt va yangi texnologiyalarni jadal rivojlantirishdagi rolini ta’kidladi. U bitiruvchilar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun asosiy strategiyalarni bayon qildi.

IT Park Uzbekistan IT va xizmatlar eksporti departamenti rahbari Jahongir Kagirov eksport qiluvchi kompaniyalar va sun’iy intellektga yo‘naltirilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riyepma Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi asosiy raqamli tashabbuslari va ularning Yevropa Ittifoqining keng qamrovli raqamli siyosati bilan qanday bog‘liqligini tushuntirdi. U Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan professional IT-ta’lim dasturlari O‘zbekistonda malakali raqamli ishchi kuchini shakllantirishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligi haqida gapirdi.

Amerika Savdo Palatasining O‘zbekistondagi ijrochi direktori Tatyana Bistrushkina xalqaro tashkilotlar va biznes hamjamiyati raqamli transformatsiyani qanday tezlashtirishi va O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb qilishi mumkinligi to‘g‘risida fikr bildirdi.

Tadbir savol-javob sessiyasi bilan yakunlandi. Unda ishtirokchilar O‘zbekistonda raqamli transformatsiya istiqbollari va qiyinchiliklarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Toshkentda “Sigma Software Group” ofisining ochilishi mamlakat IT-sohasini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab, ish o‘rinlari yaratish, mutaxassislar malakasini oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

2025-02-21