IT Park yangi rezidentlarni qabul qilish va mamlakatning eksport salohiyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishni davom ettirmoqda. 2025-yil iyul oyida ekotizimga xorijiy bozorlar va xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilgan o‘nlab yangi kompaniyalar qo‘shildi.
2025-yilning yetti oyi yakunlariga ko‘ra, 481 ta eksportga yo‘naltirilgan kompaniya IT Park rezidenti maqomini oldi, ularning 232 tasi xorijiy kompaniyalardir.
Yangi eksportchilardan 298 ta kompaniya IT-xizmatlarni ko‘rsatadi, 162 tasi biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritadi, yana 21 ta kompaniya o‘yinlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
Eksport geografiyasi ham kengaydi — faqat 2025-yilda yo‘nalishlar ro‘yxatiga Bahrayn, Daniya, Lixtenshteyn va boshqalarni o‘z ichiga olgan 11 ta yangi davlat qo‘shildi. Bugungi kunda IT Park rezidentlari dunyoning 90 dan ortiq mamlakatlariga o‘z xizmatlarini eksport qilmoqda.
Hududiy taqsimot bo‘yicha:
Iyul oyida 88 ta eksportga yo‘naltirilgan va 39 ta xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniya rezidentga aylandi. Yangi ishtirokchilar geografiyasi AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya, Lyuksemburg, Turkiya va boshqa mamlakatlarni qamrab oladi. Ushbu kompaniyalar o‘z faoliyatining birinchi yilida 3500 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirmoqda.
Tashqi bozorlarda faoliyat yuritayotgan rezidentlar O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shishni davom ettirmoqda. 88 ta yangi rezidentlar IT Park infratuzilmasi va ko‘magiga tayanib, xorijiy bozorlarga xizmat ko‘rsatishni va o‘z faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Xorijiy kapital ishtirokdagi kompaniyalar soni ham ko‘paydi — iyul oyida ularning soni 39 taga yetdi. Kompaniyalarning ko‘pchiligi allaqachon tashqi bozorlarda ishlamoqda va O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirmoqda. Ular orasida dasturiy ta’minot, platforma yechimlarini ishlab chiquvchilar va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar bor.
Jumladan, Moldovaning “SIDERA SOFT” kompaniyasi “Platformeco” mahsuloti — IT-tizimlar va biznes jarayonlarini integratsiyalash, avtomatlashtirish va orkestrlash platformasi bilan rezidentga aylandi. Kompaniya Gruziya, Ozarbayjon va Armaniston bozorlariga yiliga 1,5 million dollarlik xizmatlarni eksport qilishni rejalashtirmoqda.
Buyuk Britaniyaning “EMOTIV MARKETPLACE CONSULTANTS” kompaniyasi o‘z marketpleysidan foydalangan holda mijozlarni topish, o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi. Asosiy bozorlari — AQSh, Buyuk Britaniya va Bolgariya. Kutilayotgan eksport hajmi 1,1 million dollarni tashkil etadi.
Singapur kompaniyasi “ZUNORIXINNOVATION” buyurtma asosida dasturiy ta’minot ishlab chiqish xizmatlarini taklif etadi. Eksportning asosiy yo‘nalishi Birlashgan Arab Amirliklari bozori bo‘lib, uning hajmi 3 million dollarga baholanmoqda.
BAAning “COLINK” kompaniyasi IT-yechimlar, mobil ilovalar va veb-platformalarni yaratish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi, shuningdek, biznes jarayonlarini raqamlashtirish va optimallashtirish bo‘yicha maslahatlar beradi. Asosiy bozorlari — AQSh va Ozarbayjon. Eksport hajmi taxminan 1 million dollarni tashkil etadi.
IT Park O‘zbekistonning mintaqaviy IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamlab, rezidentlik bazasini faol ravishda kengaytirishda davom etmoqda. Eksportchilar va xalqaro kompaniyalar sonining o‘sishi yangi ish o‘rinlarini yaratish, valyuta tushumlari oqimini ko‘paytirish va mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
2025-08-07