2021-yil 16-noyabr kuni «AI Journey 2021» xalqaro tanlovi g‘oliblari Toshkent shahridagi IT Park filialiga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida yosh qizlar IT Park faoliyati, infratuzilmasi, tashkilot faoliyati doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar va tashkilot tomonidan yosh avlodga berilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va IT Park direktori Farhod Ibragimov ham ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘quvchi qizlarga IT Park va Xalq ta’limi vazirligining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Mehmonlar uchun Toshkent shahridagi IT Park filialining yangi binosi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Filial direktori Sherzod Abdurahmonovning shaxsan o‘zi ekskursiya o‘tkazib, ish jarayonini ko‘rsatib berdi. Bundan tashqari, o‘quvchi qizlar Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lishdi.
IT Park direktori Farhod Ibragimov iqtidorli qizlarni IT Park akseleratsiya dasturida ishtirok etishga taklif qildi, ular o‘z loyihasi bo‘yicha murakkab ishlarni bajarishlari va uni to‘liq amalga oshirishlari, ekspertlar, mentorlar bilan ishlash va butun jarayondan bilim, tajriba va netvorkingni rivojlantirishi mumkin.
Farhod Ibragimov, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasi orqali rivojlanish va jamiyatga o‘z hissasini qo‘shishga intilayotgan iqtidorli yoshlar uchun IT Park eshiklari doimo ochiq ekanligini ta’kidladi. U IT Park qizlarning loyiha g‘oyalarini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlash va yordam berishga tayyorligini hamda ular uchun avval yopilgan eshiklarni ochish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini ta’kidlab oʻtdi.
IT Park direktori oʻrinbosari Jahongir Rajabov, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda ayollarning IT texnologik tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha «Tumaris Tech»loyihasi doirasida qizlarga akseleratsiya bosqichiga oʻtish imkoniyati berilayotganini va o’z loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirish va ular oʻz salohiyatini keng miqyosda namoyish etish imkoniyatiga ega boʻlishini qoʻshimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning 10-11-noyabr kunlari Moskvada Sun’iy intellekt bo‘yicha Artificial Intelligence Journey xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, uning doirasida maktab o‘quvchilari o‘rtasida turli ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha tanlov o‘tkazildi. Mazkur tanlovda O‘zbekistonning «IT Queens» yosh dasturchilar jamoasi ham ishtirok etib, «Data lady» maxsus nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
«IT Queens» – O‘zbekiston jamoasi bo‘lib, uning a’zolari: Yuliana Lutsenko, Anastasiya Koroleva, Kseniya va Anastasiya Badyan, shuningdek, Lana Nasrulina. Birinchi bosqichda qizlar sun’iy intellekt sohasida loyiha ishlab chiqishdi, uning maqsadi “Deepfake” materiallarini tanib olish hisoblanadi.
2021-11-17