“AKITA” Koreya fakulteti rasman oʻz eshiklarini ochdi

Koreya xalqaro sanoat hamkorligi instituti (KIIIC) va Toshkentdagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Koreya IT alyansi (AKITA) akademiyasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Taʼlim muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻmagida tashkil etilgan.

Ochilish marosimida IT Park Uzbekistan Bosh direktori Farhod Ibragimov qutlov nutqi bilan soʻzga chiqdi. U “AKITA”ning ochilishi Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, mamlakatda innovatsion texnologiyalarni rivojlantirishda muhim qadam boʻlishini taʼkidladi.

Shuningdek, ochilish marosimida "KIIIC" va "AKITA" raisi Jong Ok Ray, Yuqori Chirchiq tumani hokimi Uskenbay Atemov, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon To‘ychiyev, Koreya milliy kengashi deputati Kvon Yong Jin va Toshkent shahridagi INHA universiteti rektori Muzaffar Jalolov so‘zga chiqdilar.

Tadbir davomida “AKITA” fakulteti dasturi va oʻqituvchilar tarkibi ham taqdim etildi.

“AKITA” global IT-mutaxassislarini universitetlarning Koreya modeli boʻyicha oʻqitish va xalqaro standartlarga mos ravishda Oʻzbekistonda taʼlim innovatsiyalarini joriy etishga qaratilgan. “AKITA” talabalari real loyihalar ustida ishlash va amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish orqali zamonaviy texnologiyalar va innovatsion taʼlim muhitidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Taʼlim yoʻnalishlari:
- Dasturiy taʼminot ishlab chiqish
- Simsiz aloqa va radioeshittirish muhandisligi
- Sunʼiy intellekt
- Axborot tizimlari va texnologiyalari
- Media dizayn

Oʻquv rejasi beshta asosiy yoʻnalishni qamrab olgan boʻlib, yuqori malakali IT-mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Bitiruvchilar Koreya autsorsing kompaniyalarida yuqori maoshli lavozimlarga daʼvogarlik qilishlari mumkin, bu esa Oʻzbekistonning eksport salohiyatini oshiradi va ularning malaka koʻnikmalari va portfelini mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan tomonidan Koreya xalqaro sanoat hamkorligi ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Uzbek-Korean IT Business Alliance” “AKITA” bitiruvchilarini jalb qilish orqali ikki mamlakat IT-sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga hissa qoʻshadi va mintaqada IT-sanoatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi.

2024-09-20