AKT vaziri AQShda IT sohasida faoliyat yuritayotgan o’zbek vatandoshlari bilan uchrashdi

AQShga tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Xalq taʼlim vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov va IT Park direktori Farhod Ibragimov IT sohasida faoliyat yuritayotgan oʻzbekistonliklar bilan uchrashdi.

Uchrashuv o‘zbek milliy taomlari restoranida bo‘lib o‘tdi.  Vatandoshlar orasida Google, Apple, Uber, CISCO, Amazon, EY kabi xalqaro kompaniyalar xodimlari, shuningdek, hozirda Silikon vodiysida tahsil olayotgan tadbirkorlar va talabalar ham bor edi.

Uchrashuvda Sherzod Shermatov vatandoshlarga o‘zbekistonlik yoshlarni autsorsing loyihalariga jalb etishni taklif qildi. 

“Xorazmda bo‘lganimda yosh dasturchilar AQShdagi hamyurtimiz soatiga 70 dollardan buyurtma olib, ularga soatiga 7 dollar berishini aytishdi. Yomon demoqchi emasman, lekin yoshlarimizda ham xorijda qo'shimcha pul ishlash imkoniyati borligiga bu yaqqol misol.  Agar viloyatlardagi universitet talabalari soatiga 7 dollar ishlasa, bu oyiga taxminan 1000 dollar degani, ya’ni ular ham muayyan tajribaga ega bo’lishadi, ham o’z portfoliolarini yaratishlari mumkin”, — deya ta’kidladi vazir.

Vazir uchrashuv tashkilotchilariga hamda vaqt va imkon topib, tadbirga kelgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

2022-06-24