Aktif Bank IT Park Uzbekistan orqali O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

Startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktor Elyor Maksudov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Aktif Bank, UPT va Aktif Tech delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Turkiya delegatsiyasi tarkibiga UPT bosh direktori Murat Kastan,Aktif Bank texnik direktori Qodir O‘zturk, UPT xalqaro hamkorlik bo‘yicha menejeri Meylis Amanmiradov va UPT’ning O‘zbekistondagi vakili Aziz Asanov kirdi. Tomonlar hamkorlik istiqbollarini, jumladan, O‘zbekistonlik mutaxassislarni Aktif Tech loyihalariga jalb etish, shuningdek, mahalliy startaplarni bank ekotizimiga integratsiyalash imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Aktif Bank 1999-yilda asos solingan Turkiyaning eng yirik xususiy investitsiya banki. Bank raqamli banking, to‘lov yechimlari va chiptachilik xizmatlarini o‘z ichiga olgan keng qamrovli moliyaviy texnologiya ekotizimiga ega. Uning 2010-yilda tashkil etilgan sho‘ba korxonasi UPT, 200 ga yaqin mamlakatda xizmat ko‘rsatuvchi xalqaro pul o‘tkazmalari platformasi hisoblanadi. Ekotizimga, shuningdek, 300 nafarga yaqin xodimga ega bo‘lgan Aktif Tech texnologik kompaniyasi ham kiradi. U to‘lov yechimlari, karta platformalari, POS va chiptachilik tizimlarini ishlab chiqish, shuningdek, Bolqon, MDH va turkiy mintaqa mamlakatlarida xalqaro kengayishga ixtisoslashgan.

Uchrashuv doirasida IT Park Uzbekistan vakillari park faoliyati, xalqaro kompaniyalar uchun imtiyozlar va O‘zbekistonga yuqori texnologiyali loyihalarni jalb etish uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berdilar. Aktif Bank, UPT va Aktif Tech delegatsiyasi mahalliy imkoniyatlar, jumladan, mamlakat mutaxassislari va IT-resurslar salohiyatiga qiziqish bildirdi.

Tomonlar mintaqada Aktif Tech” kompaniyasini rivojlantirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdilar. Muzokaralarni davom ettirish va Aktif guruhining texnologik yechimlarini ishlab chiqish uchun o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarni jalb etish salohiyatini batafsil tahlil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv davomida Mulk Protocol, PayLov startaplari va Aktif Bank vakillari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Kompaniyalar startaplarning fintech yechimlarini bank mahsulotlariga integratsiyalashning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarini muhokama qildilar. IT Park Uzbekistan yaqin kelajakda Aktif guruhi uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin bo‘lgan startaplar haqida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etishini ma’lum qildi.

Mulk Protocol ko‘chmas mulk va biznesni tokenlashtirish bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek fintech startapi. Platforma real aktivlarni raqamli tokenlarga o‘tkazish, ularni ulushlarga bo‘lish va investorlarni jalb etish imkonini beradi. Startap yechimlari islom moliyasi tamoyillariga asoslangan. Mulk Protocol allaqachon INMerge Innovation Summit 2025 forumida InBattle Startup Awards g‘olibi sifatida xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan.

PayLov mobil ilova orqali to‘lov va moliyaviy xizmatlar to‘plamini taqdim etuvchi o‘zbek fintech xizmati. Platforma pul o‘tkazmalari, xizmatlar uchun to‘lovlar, moliyaviy boshqaruv, shuningdek, investitsiyalar va P2P-o‘tkazmalar kabi qo‘shimcha vositalarni taklif etadi. PayLov O‘zbekistondagi foydalanuvchilar uchun qulay va arzon moliyaviy xizmat yaratishga qaratilgan.

Aktif Bank, UPT va Aktif Tech” kompaniyalari bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston IT-kompaniyalarining eksport salohiyatini kengaytirish va mamlakat mutaxassislari uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochadi.

2025-11-21