Amerikaning CosmicBrain AI startapi O‘zbekistonni sun’iy intellekt uchun potensial markaz sifatida ko‘rmoqda

Yaqinda bo‘lib o‘tadigan “Global Business Services Forum” (GBSF) doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori maslahatchisi Ahmed Aboulezz boshchiligidagi vakillari Amerikaning “CosmicBrain AI” kompaniyasi asoschisi Chi Chiu bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar sun’iy intellekt, robototexnika simulyatsiyasi, O‘zbekistonda amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

CosmicBrain AI — AQShda tashkil etilgan, ko‘p modalli sun’iy intellektga asoslangan yangi avlod intellektual tizimlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan startap hisoblanadi. Kompaniya texnik innovatsiyalarni ijodiy texnologiyalar, “storytelling” va inson-mashina o‘zaro aloqasi bilan uyg‘unlashtiradi.

Tashrif doirasida kompaniya rahbari sun’iy intellekt bo‘yicha muhandislar, tadqiqotchilar va mutaxassislarni yollashga qiziqish bildirdi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari bilan qo‘shma amaliyot dasturlarini tashkil etish va O‘zbekistonda ofis ochish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Ushbu tashabbus O‘zbekistonda yuqori texnologiyali yo‘nalishlarni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan.

IT Park, o‘z navbatida, kadrlarni tanlash, infratuzilma va mamlakat hududida loyihalarni ishga tushirishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tashrif yakunida oliy o‘quv yurtlari, xususiy kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar, shuningdek, ofisni joylashtirish uchun potensial joylarga tashrif buyurish va tajriba-sinov dasturlarini muhokama qilish rejalashtirildi. IT Park xalqaro kompaniyalarni jalb qilish, bilim almashish va eksportga yo‘naltirilgan texnologik tarmoqlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali O‘zbekistonni global sun’iy intellekt tashabbuslari uchun ishonchli va keng ko‘lamli hamkor sifatida ilgari surishni davom ettirmoqda.

2025-07-22