IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Kagirov Amerikaning “Ruby Talent Solutions” kompaniyasi asoschisi Xose De Soto bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tashrif doirasida O‘zbekistonda biznesni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
“Ruby Talent Solutions” — AQSh va Kanadadagi ko‘chmas mulk agentliklari va rieltor kompaniyalariga kadrlar yechimlarini taqdim etuvchi ixtisoslashgan BPO-kompaniyasi. Kompaniya ijrochi yordamchilar, ijtimoiy tarmoqlar menejerlari, operatsiyalar koordinatorlari va boshqa muhim ma’muriy lavozimlarni tezda to‘ldirishga ko‘maklashadi.
IT Park vakillari O‘zbekistonni autsorsing uchun strategik yo‘nalish sifatida taqdim etib, quyidagi afzalliklarni ta’kidladilar: ko‘p tilli va malakali mutaxassislar zaxirasi; soliq imtiyozlari: 0% korporativ soliq, QQS va ijtimoiy soliq. Bundan tashqari, “Zero Risk” dasturi doirasida hududlarda bepul ofis maydonlari taqdim etiladi, shuningdek, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishdan tortib xodimlarni yollashgacha bo‘lgan jarayonlar to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi.
Shuningdek, xalqaro miqyosda logistika xizmatlari autsorsingi bilan shug‘ullanadigan “Jetruck” va “DrivO” rezidentlarining muvaffaqiyatli loyihalari ham taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bozoriga kirish ssenariylarini ishlab chiqishni davom ettirishga, jumladan, AQSh bozoriga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar ofislariga tashrif buyurish va “Ruby Talent Solutions” vakillarining 24-iyun kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiya va seminarda ishtirok etishiga kelishib oldilar.
IT Park Uzbekistan xalqaro kompaniyalarga barqaror infratuzilma, malakali kadrlar va jozibador biznes sharoitlarini taklif eta oladigan istiqbolli autsorsing va eksport IT-xizmatlar markazi sifatida mamlakatni faol targ‘ib qilishni davom ettirmoqda.
2025-06-20