Bosh direktori maslahatchisi Ahmed Aboulezz boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari “Simetrix Solutions” delegatsiyasi — bosh direktor Gerti Xadjiu va kompaniya hammuassisi Ermand Rrujeya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida tomonlar strategik hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar va O‘zbekistonda BPO-ofisini ochish, keyinchalik IT Park rezidenti maqomini olish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Simetrix Solutions — bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan ko‘p tilli biznes jarayonlar autsorsingi (BPO) provayderi. 2010-yilda tashkil etilgan kompaniya 400 dan ortiq xodimga ega bo‘lib, dunyoning olti mamlakatida o‘z ofislariga ega. Kompaniyaning yillik aylanmasi 25 million dollardan ko‘proqni tashkil etadi. “Simetrix” qo‘ng‘iroq markazlari va mijozlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan bo‘lib, kiruvchi va chiquvchi qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash, potensial mijozlarni jalb qilish, telemarketing, raqamli transkripsiya, kontent moderatsiyasi, texnik yordam va boshqa tegishli xizmatlarni o‘z ichiga oladi.
Muzokaralar davomida kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha asosiy qadamlar muhokama qilindi. “Simetrix Solutions” kompaniyasi mahalliy yuridik shaxs tashkil etish va IT Park rezidenti maqomini olishga qiziqish bildirdi. Tomonlar ko‘p tilli kadrlarni jalb qilish imkoniyatlari, O‘zbekiston autsorsing bozori salohiyati, shuningdek, “Zero Risk” dasturining afzalliklariga alohida e’tibor qaratdilar.
“Simetrix Solutions” vakillari dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarni, shuningdek, sun’iy intellekt sohasidagi mutaxassislarni yollashga qiziqish bildirishdi.
“Simetrix Solutions” bilan potensial hamkorlik O‘zbekistonning BPO-yo‘nalishini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi va yosh mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratadi. IT Park Uzbekistan xorijiy kompaniyalarga o‘z bizneslarini mahalliylashtirish va kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni taqdim etish orqali autsorsing sohasidagi xalqaro hamkorlikni faol ravishda mustahkamlashda davom etmoqda.
2025-07-23