amoCRM biznes konferensiyasi Oʻzbekistonda

Joriy yilning 9-fevral kuni Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida IT Park va amoCRM rezident kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan keng koʻlamli amoCONF biznes konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

amoCONF– bu har yili oʻtkaziladigan tadbir boʻlib, unda muvaffaqiyatli biznes vakillari, savdo va avtomatlashtirish sohasidagi yetakchi ekspertlar oʻzlarining misollarida muvaffaqiyatli tadbirkorlikni qanday boshlash kerakligi haqida soʻzlab berishadi.

Anjuman maqsadi – tadbirkorlik ruhini kengaytirish, mahalliy loyihalarni rivojlantirishga turtki berish, shuningdek, dunyoning istalgan nuqtasida sifatli savdo tizimini yaratish va biznesni rivojlantirishga yordam beradigan qimmatbaho bilimlarga ega boʻlishdan iborat.

Konferensiyada turli zamonaviy IT-yo‘nalishlar bo‘yicha 15 dan ortiq taniqli ma’ruzachilar chiqish qilib, o‘zlarining professional tajribalari bilan boʻlishdilar. Spikerlardan biri IT Park Toshkent filiali direktori Sherzod Abdurahmonov boʻldi. U o‘z nutqida IT Park faoliyati, ta’lim tizimi va rezidentlik dasturining imtiyozlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, spikerlar qatoriga:

  • “Qanday qilib savdoni tizimlashtirish va CRMni joriy qilish” mavzusi bilan amoCRM asoschisi Mixail Tokovinin;
  • “CRM savdoga qanday taʼsir qiladi” mavzusida Sipuni kompaniyasi vakili Maksim Rayevskiy;
  • “Rohatlanib ishlash: xodimni natija uchun ishlashi uchun qanday motivatsiyalash mumkin” mavzusi bilan “Vilgud” aqlli avtoservislar federal tarmogʻi hammuassisi Barno Tursunova;
  • “Mijozlarning eʼtirozlari bilan qanday ishlash kerak” mavzusida biznesni tizimlashtirish, marketing va savdo boʻyicha ekspert Ibrahim Gulyamov;
  • “SaaS mahsulotlarini sotish va Janubi-Sharqiy Osiyo bozoriga kirish” mavzusi bilan tadbirkor, Cambridge LC o‘quv markazlari tarmog‘i asoschisi Jahongir Pulatov;
  • “IT-mahsulotlarni yangi bozorlarga qanday chiqarish kerak” mavzusida “Uzum” kompaniyalar guruhi boshqaruvchi direktori Roman Lavrentyev  va  boshqa mutaxassislar qatnashdi.

Eslatib oʻtamiz, amoCRM – butun dunyo boʻylab oʻn minglab hamkorlar va mijozlarga ega boʻlgan savdo boʻlimlari uchun dasturiy ta’minot yaratuvchisi. Kompaniya muntazam ravishda Amerika TED konferensiyalari formatida yuqori darajadagi biznes anjumanlarni tashkil qiladi. Tadbirlar ilgari Vashington (AQSh), Dubay (BAA), Ostona va Olmaota (Qozog‘iston), Moskva va Sankt-Peterburg (RF) kabi yirik shaharlarda o‘tkazilgan.

2023-02-10