Apps Do Wonders: O‘zbekistonlik dasturchilar jamoasi AQShda Microsoft uchun sun’iy intellekt yechimlarini qanday yaratmoqda

Markaziy Osiyolik “Apps Do Wonders” startapi asoschisi Diana Babaeva va uning o‘zbekistonlik dasturchilar jamoasi “Microsoft” kompaniyasining “Excel”, “Word” va “PowerPoint” kabi mahsulotlari uchun unumdorlikni oshirish va jarayonlarni avtomatlashtirish maqsadida sun’iy intellektdan foydalanadigan innovatsion qo‘shimchalar ishlab chiqdi.

Tashkil etilganidan buyon startap nafaqat texnologik ekotizimda tan olindi, balki butun dunyo bo‘ylab 10 000 dan ortiq foydalanuvchini jalb etib, AQSh bozoriga ishonch bilan kirib bordi. Intervyuda Diana startap yaratish tajribasi, qiyinchiliklar va o‘sish strategiyalari haqida so‘zlaydi, shuningdek, u va jamoasi qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tgani hamda global SaaS bozorida o‘ziga xos joy topgani haqida hikoya qiladi.

Startapingizning yaratilish tarixini aytib bera olasizmi? Nima uchun sun’iy intellektni tanladingiz va mahsulotingizning innovatsionligi nimada?

“Apps Do Wonders” g‘oyasi raqamli transformatsiya bilan ishlash tajribasi va orzuga bo‘lgan ishonchdan tug‘ildi. Biz hatto Amazon dropshipping (sotuvchi xaridor va yetkazib beruvchi o‘rtasida vositachilik qiladigan chakana savdo modeli) va avtomobil ijarasini ham ko‘rib chiqdik (kuladi), ammo sun’iy intellektga bo‘lgan ishtiyoq bizni “Microsoft” va “ChatGPT” imkoniyatlarini birlashtirgan ilovalarni yaratishga undadi.

Biz sun’iy intellektni qulay va foydali qilish, odamlarga samaraliroq ishlash va vaqtni tejashga yordam berishni xohladik. Dunyoni shiddat bilan o‘zgartirayotgan sun’iy intellekt biz uchun tabiiy tanlovga aylandi — bu texnologiyani odamlar har kuni foydalanadigan “Excel”, “Word”, “PowerPoint” kabi vositalarga joriy etishning noyob imkoniyatini ko‘rdik.

Excel”, “Word” va “PowerPoint” uchun “ChatGPT” kabi qo‘shimchalarimiz vazifalarni avtomatlashtirish, ma’lumotlarni tahlil qilish, kontent va taqdimotlar yaratishga yordam beradi, bu esa ishni osonlashtiradi va samaradorlikni oshiradi. Bu mahsulot go‘yo sehrli jin bo‘lib, sizga kamroq kuch sarflab, yanada samarali ishlashga yordam beradi. Shunday qilib, sayohat sarguzashtlarimizdan birida “Apps Do Wonders” nomi paydo bo‘ldi.

Amerika bozorida startapingizni ishga tushirish va investorlarni jalb qilish uchun qanday qadamlar qo‘ydingiz?

Startapni ishga tushirish ko‘plab ilhom va qiyinchiliklar olib keldi. Kompaniyani tashkil etish jarayoni biz o‘ylagandan osonroq bo‘ldi, ammo haqiqiy sinovlar global SaaS bozorini o‘zlashtirish va “Microsoft AppSource” platformasida ishonch qozonish bilan boshlandi. SaaS bozori juda to‘yingan, shuning uchun innovatsion kompaniyalar orasida ajralib turish nihoyatda qiyin edi.

Shuningdek, mijozlarimiz butun dunyo bo‘ylab faoliyat yuritgani sababli, global biznes muhitini tushunish — huquqiy va soliq masalalaridan tortib, ma’lumotlarni himoya qilishning umumiy qoidalari (GDPR) talablariga muvofiqlikkacha — ko‘p vaqt va kuch talab qildi.  Qat’iyatimiz, ijodkorligimiz, strategik hamkorligimiz va uzoq muddatli maqsadlarimiz tufayli qiyinchiliklarni yengib o‘tishga va jadal rivojlanishga erishdik.

Investitsiyalarga kelsak, hammasi shaxsiy mablag‘lardan boshlandi, biz o‘zimiz ishongan g‘oyaga maoshlarimizni sarfladik. Tashqi moliyalashtirishdan voz kechish qarori bizga to‘liq harakat erkinligi va missiyamizga sodiqlikni saqlab qolish imkonini berdi. Bu murakkab, ammo juda qimmatli tajriba har bir yutuqni o‘ziga xos, biznesni rivojlantirishni esa samimiy va tabiiy qildi.

AQShda mijozlarni qanday jalb qildingiz?

Bugun biz butun dunyo bo‘ylab 10 000 dan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatishdan faxrlanamiz, ular orasida ham xususiy shaxslar, ham ta’limdan moliyagacha bo‘lgan turli sohalarda faoliyat yurituvchi kompaniyalar bor. Asosan, o‘sishimiz tabiiy yo‘l bilan, ko‘p jihatdan “Microsoft AppSource”dagi ishtirokimiz tufayli yuz berdi.

Boshida biz biron-bir marketing strategiyasiga amal qilmadik, buning o‘rniga ustuvorlik konsepsiyani tekshirish (Proof Of Concept) va qo‘shimchalarimizni bozorga chiqarish bo‘ldi. Qimmatli fikr-mulohazalarni to‘plash uchun qo‘shimchalarni bepul taklif etdik. Bu bizga mahsulotlarni ishga tushirishdan va obuna modeliga o‘tishdan oldin maksimal darajada takomillashtirish imkonini berdi.

Dastlabki marketing kampaniyalarimiz oddiy, ammo yetarlicha samarali edi — biz mustaqil ravishda yaratilgan veb-sayt haqida “YouTube” platformasida asosiy o‘quv materiallari va bir nechta videolarni joylashtirish bilan boshladik.

Mahsulotlarimiz takomillashib, sifati oshgani sayin e’tiborimizni marketing kampaniyasini SEO-optimallashtirishga qaratdik. Bu sa’y-harakatlarimiz ko‘lamni kengaytirish va yanada ko‘proq mijozlarni jalb etishga qanday yordam berishini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz.

Amerika bozorida qaysi savdo strategiyalari eng yaxshi natija beradi?

Tajribamizga ko‘ra, bozorga chiqish tezligi muvaffaqiyatning eng muhim omillaridan biridir. SaaS sohasida ishga tushirishni juda kechiktirish bozordagi o‘rningizni yo‘qotish xavfini tug‘diradi. Tez harakat qilish va “fail test” yondashuvini qo‘llash juda muhim — real vaqt rejimida o‘z mahsulotingiz va savdo strategiyangizni sinab ko‘rish, o‘rganish va takomillashtirish lozim. Bu bozor talablari va mijozlar ehtiyojlariga tezroq moslashishga imkon beradi, bu esa sekinroq raqiblaringizdan ustunlikni ta’minlaydi.

Yana bir muhim omil — ustuvorliklarni to‘g‘ri belgilash. Boshqarilishi kerak bo‘lgan uchta sun’iy intellekt qo‘shimchasi mavjud bo‘lganda, mahsulotlarni ishlab chiqish, innovatsiyalar va mijozlarni jalb qilish o‘rtasida to‘g‘ri muvozanatni topish juda muhimdir.

“Microsoft” bilan hamkorlik aloqalarini qanday o‘rnatdingiz?

Biz mustaqil dasturiy ta’minot ta’minotchilari (ISV) dasturi doirasida “Microsoft” bilan hamkorlik qildik. Bu biz uchun strategik qaror edi, chunki “Microsoft” ekotizimida ishtirok etish juda qimmatli imkoniyatdir.

Jarayon bizning sun’iy intellekt qo‘shimchalarimizni “Microsoft” maqsadlari bilan muvofiqlashtirish va bizning yechimimiz “Microsoft Excel”, “Word” va “PowerPoint” qiymatini qanday oshirishi mumkinligini namoyish etishni o‘z ichiga oldi.

Biz “Microsoft” hamkorlik tarmog‘ida ro‘yxatdan o‘tish va qo‘shimchalarimizni “Microsoft”ning qat’iy standartlariga mosligini ta’minlashdan boshladik. “Microsoft” mahsulot menejerlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish ham muhim rol o‘ynadi. Ular mijozlar bilan ishlashda bizning ustozlarimizga aylanishdi, bizni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishdi va zarur hollarda yondashuvlarimizga e’tiroz bildirishdi. Biz ularga buning uchun juda minnatdormiz.

Xalqaro bozorga chiqishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonlik startapchilarga qanday maslahatlar berishingiz mumkin?

Avvalo, o‘z startapingiz haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishingiz kerak. Xalqaro bozorlarga chiqish yo‘li mashaqqatli, ammo juda foydali. Biz o‘rgangan asosiy saboqlardan biri shuki, g‘oyani tekshirish usulini ishlab chiqish uchun ortiqcha moliyalashtirishga hojat yo‘q.

Ishga tushirish jarayonida biz olgan yana bir nechta xulosalar:

  1. Haqiqiy muammoni hal qiladigan narsani yaratishdan boshlang, uni sinab ko‘ring, fikr-mulohazalar to‘plang va iloji boricha tezroq amalga oshiring.
  2. Kengaytirishdan oldin o‘z g‘oyangizni sinab ko‘rishga e’tibor qarating — bu marketing yoki savdoga juda erta mablag‘ sarflashdan ko‘ra muhimroq.
  3. Yana bir muhim maslahat — moslashuvchan bo‘lish. Xalqaro bozorlarda moslashuvchanlikni saqlash va real vaqt rejimidagi fikr-mulohazalar asosida o‘z mahsulotingiz va yondashuvingizni moslashtirish juda muhimdir. Agar biror narsa ishlamayotgan bo‘lsa, o‘zgarishdan qo‘rqmang — muvaffaqiyatsizliklar jarayonning bir qismidir va ko‘pincha ulardan eng muhim saboqlar olinadi.
  4. Va nihoyat, mijozlar bilan ham, sohadagi hamkorlar bilan ham mustahkam munosabatlar o‘rnating. O‘z sohangizdagi boshqa mutaxassislar bilan aloqa o‘rnatish, hamkorlik qilish va tajriba almashish sizga yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin. Muvaffaqiyat yo‘li har doim ham to‘g‘ri chiziqli bo‘lmasligi mumkin, ammo qat’iyatlilik, oqilona takrorlash va aloqalar o‘rnatish sizga maqsadingizga erishishga yordam beradi.

Sizningcha, yaqin 3-5 yilda sun’iy intellekt sanoati qanday rivojlanadi va o‘sish uchun qanday imkoniyatlar paydo bo‘ladi?

Yaqin 3-5 yil ichida sun’iy intellekt sohasi, xususan, avtomatlashtirish va ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish yo‘nalishida sezilarli o‘sishni kutmoqda. Asosiy imkoniyatlardan biri avtomatlashtirish sohasida sun’iy intellektni yanada rivojlantirishdir — bu jarayonlarni avtomatlashtirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish yoki ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘lsin. 

O‘sishning yana bir yo‘nalishi — bu personallashtirilgan tajriba, ayniqsa sog‘liqni saqlash, moliya va chakana savdo kabi sohalarda. Bundan tashqari, sun’iy intellekt qaror qabul qilish jarayonlarida muhim rol o‘ynaydi, bu tashkilotlarga ma’lumotlarga asoslangan holda yanada asosli tanlov qilishga yordam beradi.

Biroq, sun’iy intellektning rivojlanishi axloqiy me’yorlarga rioya qilish bilan birga bo‘lishi kerak. Sun’iy intellekt tizimlarida adolatlilik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash — ma’lumotlarning maxfiyligini saqlash va noxolislikni kamaytirish hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Keyingi bir necha yil ichida sun’iy intellektning axloqiy ish usullariga e’tibor ishonchni mustahkamlash va barqaror innovatsiyalarni rag‘batlantirishning asosiy omilga aylanadi.  

Nima uchun o‘z biznesingizni AQShda boshlashga va jamoani O‘zbekistonda yollashga qaror qildingiz?

Biz ishni boshlaganimizda bir nechta operatsion to‘siqlarga duch keldik — kerakli odamlarni yollashdan tortib samarali biznes jarayonlarini tashkil etishgacha. Biz startap madaniyatini yaratishimiz va barcha ishlarimizning asosini tashkil etuvchi moslashuvchanlik va innovatsiyalarni saqlab qolgan holda, o‘sishimizni qo‘llab-quvvatlaydigan jarayonlarni joriy etishimiz kerak edi.

Cheklangan byudjet bizni har bir qarorni yanada sinchkovlik bilan qabul qilishga undadi. Markaziy Osiyolik asoschilar sifatida biz O‘zbekistonni sun’iy intellektga yo‘naltirilgan SaaS bozoriga olib chiqqanimiz va ajoyib iqtidorli mutaxassislar uchun imkoniyatlar yaratganimizdan faxrlanamiz.

O‘zbekistonda sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislarni jalb qilish uchun qanday strategiyalardan foydalandingiz? Jamoani shakllantirishda qaysi ko‘nikmalar eng muhim bo‘lib chiqdi?

O‘zbekistonda iqtidorli sun’iy intellekt ishlab chiqaruvchilarini jalb qilish qiziqarli, ammo murakkab vazifa edi. Buning uchun biz “Truss Global” bilan hamkorlik o‘rnatdik. Aynan shu kompaniya xodimlarni tanlash va ish haqini rasmiylashtirishdan tortib, konsalting xizmatlarigacha bo‘lgan jamoamizni shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Kompaniyamiz o‘sishi davomida ularning iste’dodlarni jalb qilish va autstaffing xizmatlari sohasidagi tajribasi juda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Yana bir muhim omil mamlakatda rivojlanayotgan texnologik ekotizim, shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli transformatsiyaga bo‘lgan qiziqishning ortib borishi bo‘ldi.

“Apps Do Wonders”da biz “Microsoft”ning ilg‘or sun’iy intellekt qo‘shimchalari ustida ishlash imkoniyatini taklif etamiz. Startapning bir qismi bo‘lish — mahsulot rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatish deganidir. Jamoamizning har bir a’zosi mahsulotlarimizning muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligini belgilashda muhim rol o‘ynaydi. Bu ularga o‘z ishi va kompaniyaning umumiy muvaffaqiyati uchun mas’uliyatni zimmasiga olish imkonini beradi.

Mas’uliyatning bunday darajasi startapdagi ishni noyob va foydali qiladi. Biz tez sur’atda kengaymoqdamiz va hozirda mahalliy mutaxassislarning katta salohiyatini ko‘rib, marketing mutaxassislari va mahsulot menejerlarini izlayapmiz.

O‘zbekistonda dasturchilarni yollashning AQSh yoki Yevropa kabi rivojlangan bozorlarga nisbatan asosiy afzalliklari nimada?

O‘zbekistonning texnologik ekotizimi hayratlanarli sur’atlar bilan rivojlanmoqda, bunga innovatsiyalar va raqamli transformatsiyaga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash sabab bo‘lmoqda. Biz IT sohasini rivojlantirishga qaratilgan turli tashabbuslarni, ayniqsa sun’iy intellektga oid loyihalarni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz va uning o‘sishini kuzatish juda qiziqarli.

O‘zbekistondagi dasturchilar o‘zlarining kuchli mehnat axloqi, moslashuvchanligi va tadbirkorlik ruhi bilan tanilgan. Ularning ko‘pchiligi murakkab masalalarni yechishga intiladi va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishda ajoyib moslashuvchanlikni namoyon etadi. Texnologiyalar ekotizimi rivojlanishda davom etar ekan, bunday ixtirochilik innovatsiyalarga intilayotgan kompaniyalar uchun katta ustunlikdir.

O‘zbekiston hukumati ta’lim va IT-ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, turli xil rag‘batlantirish choralari orqali texnologik startaplar uchun qulay muhit yaratdi. Bunday qulay sharoitlar “Apps Do Wonders” kompaniyasidagi o‘sishimizda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Muvaffaqiyatimizning asosiy omili IT Park Uzbekistan bosh qarorgohi va Jizzaxdagi vakolatxonasining qo‘llab-quvvatlashi bo‘ldi. Jizzaxda bizning dasturchilarga kompyuterlar taqdim etildi. Hozirgi kunda biz o‘sib borayotgan jamoamiz uchun ofis xonalarini ta’minlash maqsadida Toshkentdagi IT Park Uzbekistan bilan faol hamkorlik qilmoqdamiz.

Bu biz uchun muhim voqea bo‘ladi: biz nafaqat ofis binosiga ega bo‘lamiz, balki Toshkentdagi boshqa innovatsion texnologik tadbirkorlar bilan aloqalar va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun bebaho imkoniyatlarga ega bo‘lamiz.

Sizning uzoq muddatli rejalaringiz qanday: yaqin kelajakda yangi bozorlarga chiqishni rejalashtiryapsizmi?

Istiqbolda mahsulotlarimizni yanada kengaytirish va takomillashtirish bo‘yicha ulkan rejalarimiz bor. Biz butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilarga eng yaxshi mahsulotlarni taqdim etish uchun marketing faoliyatimizni kengaytirish, mahsulotlarimizning xususiyatlarini yaxshilash va strategik hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni mo‘ljallamoqdamiz.

Biz O‘zbekistonda ham ish o‘rinlari yaratishga intilamiz. O‘sib borar ekanmiz, iqtidorli dasturchilar va texnik mutaxassislarga sun’iy intellektning ilg‘or qo‘shimchalari ustida ishlash va xalqaro bozorlarga o‘z hissasini qo‘shish imkoniyatini taklif etib, mahalliy jamoamizni kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.

Biz butun dunyo bo‘ylab davlat universitetlari professorlarini qo‘llab-quvvatlovchi “Wonders Giving” dasturimiz orqali jamoalarga yordam berishni xohlaymiz. Bu dastur bizning sun’iy intellekt qo‘shimchalarimiz yordamida o‘qitish imkoniyatlarini va talabalarning faolligini oshiradi. Ushbu tashabbus bizning keng qamrovli missiyamizning asosiy qismi bo‘lib, ham texnologiya olamiga, ham ta’lim sohasiga sezilarli va uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatadi.

Bo‘sh vaqtingizda nimalar bilan shug‘ullanasiz?

O‘ylaymanki, biz nima bilan shug‘ullanmasligimizni aytish osonroq bo‘ladi! (kuladi). Biz har doim sarguzashtlarga tayyormiz. Yangi joylarni kashf etish bo‘ladimi yoki imkoniyatlar chegarasidan tashqariga chiqishga intilish bo‘ladimi, biz har doim hayotning yorqin lahzalaridan zavqlanish tarafdorimiz. Sayohat qilishni, yashirin go‘shalarni izlashni va turli madaniyatlarga sho‘ng‘ishni yaxshi ko‘ramiz. Tog‘ velosipedi — bizning sevimli mashg‘ulotlarimizdan yana biri: murakkab yo‘lni zabt etganingizda paydo bo‘ladigan hayajondan yaxshiroq narsa yo‘q. Velosiped minmayotgan paytimizda bizni gulxan atrofida topishingiz mumkin, u yerda biz hikoyalar aytishib, tabiat qo‘ynidan zavqlanamiz. Aynan shunday sokin daqiqalarda, yulduzli osmon ostida yangi yutuqlar uchun g‘oyalar, ilhom va motivatsiya tez-tez paydo bo‘ladi.

2025-01-04