Avgust oyida IT Park 82 ta yangi eksportchi kompaniyani qabul qildi

IT Park xorijiy bozorlarga yo‘naltirilgan rezidentlar sonini kengaytirishni davom ettirmoqda. 2025-yil avgust oyida 82 ta eksportga yo‘naltirilgan kompaniya rezident maqomini oldi. Ularning 30 tasi AQSh, Fransiya, Turkiya, Malayziya va boshqa mamlakatlarning xorijiy sarmoyasi ishtirokidagi kompaniyalar hisoblanadi.

Yangi a’zolar quyidagicha taqsimlangan:

  • 47 ta kompaniya IT sohasida faoliyat yuritadi (dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, texnik yordam ko‘rsatish va takomillashtirish, konsalting);

  • 34 tasi BPO/KPO xizmatlari yo‘nalishida;

  • 1 ta kompaniya o‘yin ishlab chiqarish segmentida faoliyat ko‘rsatadi.

Fransiyaning “REALTYNA” kompaniyasi xorijiy ko‘chmas mulk bozori uchun axborot xizmatlari sohasidagi mahsuloti bilan IT Park rezidentiga aylandi. Eksportning asosiy yo‘nalishlari AQSh, Kanada va Fransiya bo‘lib, kutilayotgan yillik hajmi taxminan 400 ming dollarni tashkil etadi.

Turkiyaning “ELLA IT” kompaniyasi laboratoriya jarayonlarini raqamli boshqarish uchun mo‘ljallangan “LabsisPro” dasturiy mahsuloti bilan rezidentlar safiga qo‘shildi. Eksport Turkiya, Kanada va Ozarbayjonga yo‘naltirilib, yillik hajmi 700 ming dollar bo‘lishi kutilmoqda.

Eksportga yo‘naltirilgan yangi kompaniyalar faoliyatining birinchi yilida 1500 dan ortiq ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda, umumiy eksport hajmi esa 12,3 million dollarga baholanmoqda.

Bugungi kunda IT Park’ning xorijiy rezidentlari soni 800 ta kompaniyaga yetdi, eksportga yo‘naltirilgan rezidentlar soni esa 750 tani tashkil etmoqda. Eksportchi korxonalarda hozirda 17 600 dan ortiq mutaxassis mehnat qilmoqda.

IT Park eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish orqali O‘zbekistonning global IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamlashni davom ettirmoqda.

2025-09-10