Bangladesh elchisi va IT Park IT sohasi hamda startap ekotizimini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov Bangladesh Xalq Respublikasi elchisi doktor Muhammad Monirul Islom boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida tomonlar IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar va qo‘shma tashabbuslar imkoniyatlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Uchrashuv doirasida IT Park vakillari o‘z faoliyati va tashabbuslari haqida taqdimot o‘tkazib, rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini taqdim etdilar hamda xorijiy kompaniyalarni jalb qilish choralari, jumladan Zero Risk” davlat dasturi haqida ma’lumot berdilar. Shuningdek, IT Park platformasi orqali Bangladesh IT-kompaniyalarining MENA bozoriga chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Olis hududlarda IT sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi, chunki bu yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish va raqamli xizmatlardan teng foydalanishni ta’minlashga yordam beradi.

Bundan tashqari, elchi IT Park va “Bangladesh Hi-Tech Park Authority” o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashni taklif qildi hamda O‘zbekiston delegatsiyasini Bangladeshga yetakchi IT-kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun taklif etdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni elchini 23–26 sentyabr kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan “ICT WEEK 2025” tadbirida ishtirok etishga taklif qildi.

Bangladesh bilan hamkorlik IT Parkning xalqaro aloqalarini kengaytirish, yangi loyihalar va investorlarni jalb qilish, shuningdek, O‘zbekistonning global IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

2025-08-14