IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Berlinga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida IT Park Uzbekistan tomonidan Germaniyaning “The Eastern Committee of the German Economy” va “Berlin Economics” hamkorlari bilan birgalikda tashkil etilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, “Gevekom GmbH”, “Endax GmbH”, “Pedersen & Partners” va boshqa Germaniya kompaniyalari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Tashrifning maqsadi — O‘zbekistonning IT va autsorsing sohasidagi salohiyatini namoyish etish, nemis biznesi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda global raqamli xizmatlarda ishonchli hamkor sifatida mamlakatning afzalliklarini ko‘rsatishdan iborat.
Uzbekistan Outsourcing Conference
Konferensiyada 70 ta kompaniyadan 100 dan ortiq mehmon ishtirok etdi. Tadbirni O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov ochib, ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar mustahkamlanib borayotgani va Germaniya kompaniyalarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, Germaniyaning Raqamli texnologiyalar va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish federal vazirligi vakili Adrian Volkersdorf hamda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi boshqaruvchi direktori Mixael Xarms so‘zga chiqib, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yangi IT-autsorsing markazi sifatidagi salohiyatini ta’kidladilar.
IT Park Uzbekistan eksportni rivojlantirish bo‘limi bosh menejeri Fayzulla O‘lmasov “Uzbekistan – Strategic Partner in Global Services Expansion” mavzusidagi ma’ruzani taqdim etib, “Zero Risk” dasturlari, soliq imtiyozlari, IT-vizalar va mamlakatning o‘sib borayotgan kadrlar salohiyati haqida so‘zlab berdi.
“German Economic Team” maslahatchisi Garri Polushkin O‘zbekiston IT-sohasining rivojlanish dinamikasi haqida batafsil ma’lumot berdi. “Uzinfocom Europe” boshqaruv raisi o‘rinbosari Viktoriya Dubova esa “From Idea to Reality: The Power of Uzbek Tech Talent” mavzusida taqdimot o‘tkazib, O‘zbekiston IT-jamoalarining innovatsion salohiyatini ta’kidladi.
Mixael Xarms moderatorligida o‘tkazilgan “Entering Uzbekistan: A Scalable and Strategic Decision” mavzusidagi panel muhokamasi rasmiy qismni yakunladi. Unda Robert Kirxner (Berlin Economics), Adrian Volkersdorf (Germaniya Federal vazirligi), Filipp Klyayne Eger (EPAM Systems), Bastian Kreggel (Plug and Play) va Vsevolod Li (IT Park Uzbekistan) ishtirok etdilar. Mutaxassislar nemis kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishi bo‘yicha amaliy qadamlar, autsorsingning afzalliklari va mamlakatning kadrlar tayyorgarligi masalalarini muhokama qildilar.
Berlindagi konferensiya va o‘tkazilgan uchrashuvlar Germaniya va Yevropa biznesining O‘zbekiston bilan IT-autsorsing, raqamli yechimlar va konsalting sohasidagi hamkorlikka bo‘lgan yuqori qiziqishini tasdiqladi. IT Park Uzbekistan uchun mazkur tadbir Germaniya bilan hamkorlikni mustahkamlash, Yevropa Ittifoqidagi hamkorlar tarmog‘ini kengaytirish va O‘zbekistonni mintaqaning yangi texnologik markazi sifatida ilgari surishda muhim qadam bo‘ldi.
2025-10-15