Joriy yilning 15-aprel kuni Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan “Livingstone Hotel & Resort” dam olish maskanida xorijiy ekspertni jalb qilgan holda “Bootcamp” shaklida tayyorlov mashgʻulotlarining yopilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Fan olimpiadalarini o‘tkazish va iqtidorli o‘quvchilarni saralash boshqarmasi boshlig‘i Umid Olimovich, IT Park Uzbekistan direksiyasi raqamli taʼlimni rivojlantirish boʻyicha direktor oʻrinbosari Mahliyo Muksinova, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha bosh menedjer Humoyun Sultonov, mahalliy trenerlar va oʻquvchilar ishtirok etdilar.
“Bootcamp” shaklida tayyorlov mashgʻulotlari — Raqamli texnologiyalar hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining “Xalqaro informatika olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasining samarali va munosib ishtirokini taʼminlash maqsadida tashkillashtirildi.
Mashgʻulotlar davomida IOI xalqaro olimpiadasida ishtirok etishda jami 12 nomzodga Oʻzbekiston terma jamoasiga daʼvogarlar uchun 10 kunlik treninglar tashkil etildi hamda ularga murabbiy sifatida IOI medallarini qoʻlga kiritgan xalqaro ekspert Bartocz Kostka (Kanada) tomonidan yoʻnalishlar berildi. Ulardan 4 nafari IOI xalqaro olimpiadasida ishtirok etish uchun saralab olinadi.
Yuqori darajada tashkil etilgan yopilish marosimida mashgʻulotlarga ishtirok etgan barcha oʻquvchilarga esdalik sovgʻalar hamda sertifikatlar taqdim etildi.
2023-04-18