Bosh vazir maslahatchisi va IT Park direktori yoshlar bilan norasmiy ravishda muloqot qilishdi

Joriy yilning 21-may kuni Toshkentda besh kunlik “Toshkent 5 tashabbus harakati” festivali boshlandi. Festivalda Bosh vazir maslahatchisi - axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya va innovatsion faoliyatni rivojlantirish departamenti rahbari Olimjon Umarov, IT Park direktori Farhod Ibragimov hamda Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Olimjon To‘ychiev yoshlar bilan uchrashib, ular bilan norasmiy tarzda muloqot qilishdi.




Uchrashuv davomida Olimjon Umarov davlatimizda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, ayni paytda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Qolaversa, Olimjon Umarov yoshlarning savoliga javob berar ekan, yaqin kunlarda O‘zbekistondagi barcha provayderlarning internet sifati yaxshilanishini ta’kidlab o‘tdi.

“Agar sizlar 100 Mbit/s tezligida ishlaydigan internetga ulansangiz, u 100 Mbit/s tezlikda ishlaydi, undan kam emas. Bundan buyog‘iga “100 Mbit/s gacha degan tushuncha bo‘lmaydi. Biz barcha provayderlardan “gacha” qo‘shimchasini olib tashaymiz va sifatli internetni ta’minlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha narsani qilamiz”, - deya Bosh vazir maslahatchisi qo‘shimcha qildi.




Shuningdek, Olimjon Umarov ommadan kelib tushgan savolga javob berish jarayonida O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasida haqqatda boshqa davlatlardan ortda qolib kelganligini tan oldi. Ammo Ojimjon Umarov bu O‘zbekistonni boshqa davlatlarning IT sohasini rivojlantirishda yo‘l qo‘ygan xatolarini takrorlamaslikga, ularning xatolaridan saboq olib, yanada yaxshiroq va tez rivojlanishimizga imkon berishini ta’kidlab o‘tdi.

“Masalan, dastlab sun’iy yo‘ldoshli internetga ega bo‘lgan ayrim davlatlar hozirgi kunda sun’iy yo‘ldoshli internetdan bosh tortib, kabel tortishmoqda, sababi sun’iy yo‘ldoshli internet doimiy emas. Yomon ob-havo sharoiti yoki bulutli kunlarda sun’iy yo‘ldosh bilan ishlaydigan internet ishlashdan to‘xtaydi. Biz ularning tajribasidan kelib chiqqan holda darhol kabelli Internetni o‘rnatdik va boshqa davlatlarning xatoliklariga yo‘l qo‘ymadik ”, - deya qo‘shimcha qildi Olimjon Umarov.



Farhod Ibragimov ham, o‘z navbatida, yoshlar bilan maroqli suhbat qurib, ularni IT Park faoliyati va ushbu tashkilotning IT sohasida faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlar hamda IT mutaxassislarga ochib berayotgan imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi.





Xususan, IT Park direktori startap asoschilari IT Park’da o‘tishi mumkin bo‘lgan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari haqida ma’lumot berib o’tdi.

“Agar sizda g‘oya bo‘lsa, biz sizga inkubatsiya dasturi orqali o‘z g‘oyangizni MVP-mahsulotga aylantirishga yordam beramiz. Biroq, bu dasturni yakunlagach, siz o‘z loyihangizni sifatli mahsulotga aylantirish uchun albatta akseleratsiya dasturidan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi” - deya ta’kidladi Farhod Ibragimov.

Bundan tashqari, Farhod Ibragimov IT Park’ning tashkil etilish tarixini yoshlarga so‘zlab berdi va IT Park ham qachonlardir bir necha kishilik jamoa bilan yerto‘lada boshlangan startap ekanligini ham aytib o‘tdi.

“Bizda yerto‘la va bir necha kishilik jamoadan tashqari hech narsamiz yo‘q edi. Bizda a’lo darajadagi infratuzilma va sharoit bo‘lmagan. Davlat bizning harakatlarimizni ko‘rdi, g‘oyamizni ko‘rib chiqib, bizni qo‘llab-quvvatladi. Ikki yarim yil o‘tibgina, biz 370 ta xodim, 133 ta IT Markaz, IT Park’ning viloyatlarda ishga tushirilgan 7 ta filialiga erishdik. Va buning barchasi yerto‘lada boshlangan”, - dedi IT Park direktori.




Uchrashuv natijasiga ko‘ra, spikerlar yoshlar bilan yaqindan muloqot qilish, ularning savollariga javob berish va uchrashuv so‘ngida esdalik uchun rasmga tushishga muvofiq bo‘lishdi.





Shuni ham ta’kidlash joizki, “Tashkent 5 tashabbus harakati” festivali doirasida CS:GO yo‘nalishi bo‘yicha kibersport turniri bo‘lib o‘tadi. Turnirda IT Park terma jamoasi “Cookie Crew” ishtirok etadi.

“Cookie Crew” jamoasi mamlakatimiz chempioniga aylanganligi hamda O‘zbekistondagi top-4 ro‘yxatiga kiritilganligi uchun birdaniga 1/8 finalga chiqdi. Bu ularga saralash bosqichidan avtomatik tarzda o‘tish huquqini berdi. “Cookie Crew” jamoasining “Tashkent Cyber Cup 2021” turniri doirasida birinchi o‘yini 2021-yil 23-may kuni festival hududida o‘tkaziladi.

 

2021-05-22