9-avgust kuni IT Park Uzbekistan ofisiga Britaniya Kengashi bosh direktori Deniz Veddingem, direktor o‘rinbosari Jamila G‘ulomova hamda hamkorlar bilan ishlash bo‘yicha koordinator Amirsaid Sadiqovdan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni IT Park ijrochi direktori Abdulahad Qo‘chqorov, investitsiyalar va xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Nigora Mirjalilova, raqamli transformatsiya boʻlimi boshligʻi Azamat Jo‘rayev, shuningdek, taʼlim sifatini oshirish boʻlimi katta menejeri Humoyun Sultonov kutib oldi.
IT Park vakillari oʻzlarining faoliyati, maqsad va yutuqlari haqida batafsil maʼlumot berishdi. Delegatsiya universitetlar (jumladan, IT yoʻnalishidagi dasturlar) va Buyuk Britaniya kompaniyalari oʻrtasidagi joriy hamkorlik dasturlari va munosabatlariga qiziqish bildirdi.
Mahalliy universitetlar bilan hamkorlik qilish va Birlashgan Qirollikdan hamkorlarni jalb qilish imkoniyatlari Britaniya Kengashida alohida qiziqish uygʻotdi. Delegatsiya Buyuk Britaniya kompaniyalari va Oʻzbekistondagi universitetlar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Muhokama davomida Deniz Veddingem Oʻzbekiston hududlarida IELTS imtihonini ishlab chiqish va joriy etish borasida oʻz fikrlarini bildirdi. U IELTS imtihonlarini kompyuterlar orqali raqamlashtirishni nazarda tutuvchi mamlakat hududlarini rivojlantirish dasturini yaratishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar respublikada inson salohiyatini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
2023-08-11