DevX delegatsiyasining IT-Parkga tashrifi

2020-yil 29-yanvar kuni IT-Parkda Hindistonning yetakchi biznes-inkubatorlaridan biri bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. DevX tashkilotining rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyasining tashrifi chogʻida Oʻzbekiston va Hindistonning Texnoparklari oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik yoʻllari muhokama qilindi, IT-Parkning yutuqlari va Oʻzbekiston Respublikasining innovatsiyalar sohasidagi yuqori salohiyati taʼkidlab oʻtildi.

Tashrif davomida IT-Park bazasida ikkala tomonning ham faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlari boʻyicha taqdimot oʻtkazildi, oʻzaro hamkorlik va tajriba almashish yoʻllari batafsil muhokama qilindi. Xususan, DevX vakillari oʻzlarining inkubatsiya va akseleratsiya sohasidagi koʻp yillik tajribalari bilan boʻlishishga, shuningdek, Hindiston venchur fondlari bilan birgalikda har tomonlama koʻmaklashishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

DevX vakillariga alohida ravishda IT-Parkning boʻlgʻusi majmuasining infratuzilmasi va dizayni taqdim etildi, kelgusida yanada rivojlantirish va kengaytirish uchun IT-Parkni modernizatsiya qilish yoʻllari taklif qilindi.

Shunisi eʼtiborga loyiqki, DevXʼning bugungi kundagi va IT-Parkning ochilishi bosqichidagi birinchi tashrifi orasida qisqa vaqt oʻtgan boʻlishiga qaramay, bizning tashkilotimiz xorijiy mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini aniqlab oldilar, hamkorlikdagi ishlar boʻyicha vazifalarni batafsil muhokama qilishni rejalashtirdilar.

DevX 60 milliondan ortiq aholiga ega Gujarat shtatining eng yirik inkubatori hisoblanadi. Texnik ekspertiza va korporativ aloqalar sohasida 20 yildan ortiq vaqtdan buyon kompaniya Hindistonda startap inkubatsiya dasturlarini rivojlantirishga, biznes-ekotizimni ragʻbatlantirish va rivojlantirishga eʼtibor qaratib kelmoqda.

2020-01-31