Digital Leadership Forum: O‘zbekistondagi xorijiy kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar

IT Park Uzbekistan rahbari Farhod Ibragimov jahon IT-kompaniyalari uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlarga ega bo‘lgan dasturlar ishga tushirilishini ma’lum qildi. Ular orasida: Zero Risk, Global Excellence va Local 2 Global kabi loyihalar bor.

Joriy yilning 7-iyul kuni raqamli yetakchilik sohasidagi eng muhim voqealardan biri  - “Digital Leadership Forum” tadbirining birinchi kuni bo‘lib o‘tdi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT-Park homiyligida oʻtkazilgan forumga jahon ekspertlari, dunyoning turli burchaklaridan 300 dan ortiq IT-autsorsing kompaniyalari vakillari, O‘zbekiston IT va BPO sektori taqdim etayotgan tarixiy oʻzgarishlar va imkoniyatlarni muhokama qilish uchun jalb etildi.

Forumning birinchi kuni taqdimotlar, fikr almashish va yangi loyihalarni ishga tushirish kabi voqealarga boy bo‘ldi. Forum ma’ruzachilaridan biri - IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov tashkilot faoliyati natijalarini taqdim etdi va so‘nggi yillarda O‘zbekiston IT ekotizimini rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Jamoa Hukumat ko‘magi va rezident kompaniyalarning fikr-mulohazalaridan kelib chiqqan holda me’yoriy-huquqiy baza va qonun hujjatlarini takomillashtirish ustida faol ish olib borganligi ham aytib o‘tildi.

Farhod Ibragimovning soʻzlariga koʻra, hozirda IT-Parkda 1424 ta IT-kompaniya roʻyxatdan oʻtgan bo‘lib, ulardan 442 tasi IT va BPO xizmatlarini eksport qilishga ixtisoslashgan va bu kompaniyalarning 213 tasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan.

Farhod Ibragimovning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonga yangi autsorsing markazi sifatida qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda.

IT-Park bosh direktori O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochishni rejalashtirayotgan kompaniyalar uchun relokatsiya va “softlanding” dasturi muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u xorijiy kompaniyalarni jalb qilish va O‘zbekistonni IT-autsorsingning yangi markazi sifatida ko‘rsatish uchun 2023 yilda ishga tushiriladigan yangi shart va imkoniyatlarni taqdim etdi.

Ushbu loyihalar qatorida xorijiy kompaniyalar uchun juda ko‘p imkoniyatlarni taqdim etuvchi “Zero risk” dasturi e’lon qilindi. U O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va eksport faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan dasturdir. “Zero risk”  Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi (AKTRJ) va IT-Park tomonidan moliyalashtirilib, ishtirokchi kompaniyalarga birgalikda moliyaviy ko‘mak va imtiyozlar beradi.

“Yaqin kelajakda biz IT-autsorsing bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun yangi shartlarni e’lon qilamiz va hududlarda ofislar ochamiz. Imtiyozlar to‘liq texnik jihozlangan ofis maydonini 1 yilgacha bepul taqdim etishni nazarda tutadi. Shuningdek, biz birinchi yil uchun mutaxassislarning ish haqining 15 foizigacha qismini, hamkor mamlakatlardan kelgan mentorlarning xarajatlarini bo‘lishish va HR xizmatlari xarajatlarini qoplaymiz. Bunday dastur va imkoniyatlar O‘zbekistonni jahon bozorida IT va BPO xizmatlari uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylantiradi. Ehtiyotkorlik bilan o‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, hech bir davlatda ilgari bu turdagi e’lon qilingan imtiyozlar yo‘q, ular bo‘lajak xorijlik rezidentlar uchun maksimal qulaylik yaratish nuqtai nazaridan biznesni soddalashtirish maqsadida ishlab chiqilgan”, —  deya ta’kidladi Farhod Ibrohimov.

Shuningdek, xorijiy kompaniyalarni koʻproq jalb qilish boʻyicha yangi strategik yondashuvlar taqdim etildi, xususan, “Global Excellence” – belgilangan shartnomalar boʻyicha xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri soha boʻyicha maslahatchilar bilan ishlash va “Local 2 Global”,  - eksport bo‘yicha maslahat xizmatlari uchun 50 % xarajatlarni qaytarib berishni taklif qiluvchi dastur.

Tez orada xorijiy kompaniyalarning mijozlari uchun O‘zbekistonga homiylik sayohati dasturi tashkil etiladi, eksport bo‘yicha mentorlik dasturida ishtirok etish, xorijga xizmat safarlari xarajatlarini qoplash va muayyan maqsadli auditoriya uchun Coursera platformasida bepul o‘qitish imkoniyati  ham beriladi.

Farhod Ibragimov O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, unga xorijiy kompaniyalarni jalb etish va IT-eksportni oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga intilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, kelgusidagi loyihalar va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.

2023-07-11