Toshkentda Jahon banki tomonidan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ko‘magida “E-GATE: Markaziy Osiyoda elektron tijorat orqali global kirish imkoniyatini oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi. IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova panel sessiyasida so‘zga chiqib, IT-xizmatlar eksportining roli va ahamiyati haqida ma’ruza qildi.
E-GATE — Markaziy Osiyo mamlakatlari va dunyoning boshqa mintaqalaridan 20 dan ortiq ma’ruzachilarni, jumladan davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, yetakchi elektron tijorat platformalari va logistika operatorlari vakillarini birlashtirgan xalqaro anjuman. Ishtirokchilar orasida “DHL”, “Uzum”, “Jumia”, “Lenovo” kabi yirik kompaniyalar bor.
Konferensiyaning maqsadi elektron tijorat sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rtoqlashish, transchegaraviy savdo muammolarini muhokama qilish hamda kichik va o‘rta biznes, yoshlar va ayollarning mintaqa raqamli iqtisodiyotidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan strategiyalarni ilgari surishdan iborat.
Mahliyo Muksinova Markaziy Osiyodan tovarlar va xizmatlarni eksport qilish tajribasiga bag‘ishlangan “Markaziy Osiyoda funksional regionalizmni targ‘ib qilish va elektron tijorat orqali eksportni rivojlantirish” sessiyasida O‘zbekistonning global bozorlarga IT-xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribasini taqdim etdi. U o‘z nutqida IT-xizmatlar eksporti nafaqat iqtisodiy o‘sish drayveri, balki mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash vositasi ham ekanligini ta’kidladi.
Mahliyo Muksinova mahalliy startaplarga xorijda kengayishga yordam beradigan “Local to Global” tashabbusi, shuningdek, IT Park doirasidagi qo‘llab-quvvatlash tizimi: soliq imtiyozlari, kadrlarni saralash, infratuzilma va xalqaro tadbirlarda ko‘maklashish haqida batafsil ma’lumot berdi.
IT Park’ning “E-GATE” konferensiyasidagi ishtiroki O‘zbekistonning mintaqadagi raqamli rivojlanish bo‘yicha yetakchilardan biri ekanligini yana bir bor tasdiqladi. Mahliyo Muksinovaning ma’ruzasi eksport va mintaqaviy integratsiya strategiyalarini muhokama qilishning muhim qismi bo‘ldi, shuningdek, mamlakatning Markaziy Osiyodagi o‘sib borayotgan IT-hab sifatidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamladi.
2025-05-30