“E&O Global” kompaniyasiga tashrif uyushtirildi

18-20 mart kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan hamkorligida tashkil etilgan “Offshore Outsourcing Tour 2024” xalqaro ITES tadbiri boʻlib oʻtmoqda.

Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad xalqaro kompaniyalarga Oʻzbekistonning axborot texnologiyalari sohasida va autsorsing yo'nalishida, shuningdek, mamlakatga sarmoya kiritish uchun hukumat tomonidan yaratilgan imkoniyat va chora-tadbirlarni namoyish etishdan iborat.

Mazkur tur doirasida biznes-jarayonlar autsorsingi bilan shugʻullanuvchi IT Park rezidenti — “E&O Global” kompaniyasiga tashrif buyurildi. Taqdimot chogʻida “E&O Global” Oʻzbekistonning iqtidorli yoshlari bilan faol ish olib borayotgani hamda ularning xalqaro standartlarga mos malakasini oshirayotgani taʼkidlandi.

“Offshore Outsourcing Tour 2024” ishtirokchilari tomonidan berilgan asosiy savollardan biri “E&O Global” ofislarining geografik joylashuvi bilan bogʻliq boʻldi. Kompaniya vakili Otabek Suvonovning taʼkidlashicha, shtab-kvartirasi AQShda joylashgan boʻlishiga qaramasdan, kompaniyaning operatsion ofislari dunyoning turli mamlakatlarida, jumladan, Ukraina, Ozarbayjon va Oʻzbekistonda tarqalgan.

Ofislarning bunday strategik joylashuvi “E&O Global” kompaniyasiga resurslardan maksimal darajada samarali foydalanish imkonini beradi, bu esa biznes-jarayonlarning moslashuvchanligini oshirishga yordam beradi va mijozlarga yaxshi xizmat koʻrsatishni taʼminlaydi. Shuningdek, kompaniya vakili, global miqyosdagi ishtiroki mahalliy hamjamiyat bilan aloqalarni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga yordam berishini, bu esa oʻz navbatida kompaniyaning yanada oʻsishi va rivojlanishiga hissa qoʻshishini qoʻshimcha qildi.

Uchrashuv yakuni boʻyicha tomonlar hamkorlikning mumkin boʻlgan yoʻllarini muhokama qildilar. Ular autsorsing va tajriba almashish boʻyicha hamkorlikka oʻzaro qiziqish bildirdilar. Bundan tashqari, biznes-jarayonlarni autsorsing qilish sohasidagi salohiyatli loyiha va buyurtmalar muhokama qilindi.

2024-03-19