EcoSmart O‘zbekistonda ofis ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

MENA yo‘nalishi rahbari Azizbek Yusupov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari EcoSmart kompaniyasi hammuassisi Abdussalom Arakkal bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekistonda bek-ofis ochish va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga IT-xizmatlarni eksport qilishga mo‘ljallangan dasturchilar jamoasini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar.

EcoSmart — binolar va infratuzilma uchun barqaror texnologiyalar, energiya samaradorligi va raqamli yechimlar bo‘yicha ixtisoslashgan BAA kompaniyasi. Asosiy yo‘nalishlar “aqlli uy” tizimlari, energiya boshqaruvi va “yashil” qurilish sohasidagi konslating xizmatlarini o‘z ichiga oladi. Kompaniyaning bosh qarorgohi Dubayda joylashgan.

Uchrashuv chog‘ida “EcoSmart” vakillari energetika sektori uchun SaaS formatidagi yechimlarni taklif etib, Fors ko‘rfazi mamlakatlariga eksport qilishni rejalashtirayotganlarini ta’kidladilar. O‘zbekiston texnik rivojlanish va kengayish uchun strategik jihatdan qulay platforma sifatida ko‘rib chiqilmoqda va kompaniya bu yerda o‘z bek-ofisini ochishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya O‘zbekistondagi ofisda ishlash uchun 30-40 nafar Junior va Middle darajasidagi dasturchilardan iborat jamoa shakllantirishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, mahalliy IT-ekotizimdan foydalanish, jumladan, mutaxassislarni yollash, infratuzilma imkoniyatlari va IT Park tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari muhokama qilindi.

“EcoSmart” bilan hamkorlik O‘zbekistonni ekologik toza va zamonaviy IT-loyihalarni rivojlantirish uchun ishonchli maydon sifatida targ‘ib qilishda yangi istiqbollarni ochadi. IT Park Uzbekistan mamlakatning global intellektual autsorsing xaritasidagi o‘rnini mustahkamlashda davom etmoqda.

2025-07-28