Eko bog‘da “ITWomenUz” loyihasi doirasida ayollar marafoni bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 25-iyun kuni eko bog‘da “IT WomenUz” loyihasi doirasida ayollar marafoni bo‘lib o‘tadi. “ITWomenUz” loyihasi xotin-qizlarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb qilishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va IT Park tomonidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent shahridagi Amity universiteti bilan birgalikda tashkil etilmoqda. Loyiha homiysi – “Uzcard” kompaniyasi.

Loyihaning asosiy maqsadi ayollar daftari tarkibiga kiritilgan ayollar uchun axborot texnologiyalari sohasida taʼlim olish va ularni ish bilan taʼminlanish imkoniyatini yaratishdir.

Yugurish marafoni soat 18:00 da boshlanadi va masofa uzunligi 1 kilometrni tashkil qiladi.

Shuningdek, marafon doirasida “ITWomenUz” loyihasi kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Eslatib oʻtamiz, birinchi bosqichda 2 000 dan ziyod ayollar onlayn va oflayn formatda IT Markazlarda axborot texnologiyalari kurslarini o‘qishdi. Xususan, qizlar komputer savodxonligi, mobil ilova va veb sayt yaratish, kompyuter dizayni hamda psixologiya yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olishdi.

Ikki mingtadan, 1 228 nafari kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, joriy yilning 2-aprel kuni Toshkent shahridagi Amity universitetida sertifikat va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Joriy yilning 17-may sanasida “ITWomenUz” loyihaning ikkinchi bosqichiga respublikamizning barcha hududlarida start berildi. Hozirgi kunga kelib, tahsil olayotgan ayollar soni 1086 nafarga yetdi.  Ikkinchi bosqichda kompyuter savodxonligi, elektron tijorat va tadbirkorlik bo‘yicha qisqa muddatli treninglar tashkil etiladi.

2021-06-24