“El-yurt umidi” forumi: IT Park yoshlar uchun karyera imkoniyatlarini taqdim etdi

Toshkentda Raqamli texnologiyalar vazirligi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamkorligida “El-yurt umidi” fondi stipendiatlari uchun forum va bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi. Tadbir tajriba almashish, raqamlashtirish sohasidagi islohotlarni muhokama qilish va yosh mutaxassislar uchun karyera imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 200 nafar ishtirokchini bir joyga to‘pladi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshida malakali kadrlarni xorijda tayyorlash va qayta tayyorlash maqsadida tashkil etilgan. Dastur iqtidorli fuqarolarga dunyoning nufuzli universitetlari va tashkilotlarida o‘qish hamda amaliyot o‘tash imkoniyatini beradi. Bu esa ularning O‘zbekistonga qaytgach, iqtisodiyot va davlat sektorining ustuvor sohalarini rivojlantirishiga yordam beradi.

Forumda Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari raqamlashtirish sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berib, ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishda iqtidorli yoshlarning muhim o‘rni borligini ta’kidladilar.

Forum doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi. Unda IT Park o‘z stendini namoyish etib, ishtirokchilarni karyera imkoniyatlari va joriy loyihalar bilan tanishtirdi.

IT Park Uzbekistan xalqaro bo‘limi boshlig‘i Dildora Nasibullayeva O‘zbekistonda startap ekotizimining rivojlanishi, startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari va xorijiy kompaniyalar uchun imkoniyatlar haqida so‘zladi. U ishtirokchilarni xorijda tajriba orttirish va O‘zbekistonga qaytib, o‘z bilim hamda resurslarini mamlakat taraqqiyotiga yo‘naltirishga da’vat etdi.

Joriy yil yozida IT Park Uzbekistan’ga 20 nafardan ortiq talaba qo‘shildi, ularning 14 nafari — “El-yurt umidi” fondi stipendiatlari. Ular startap ekotizimini rivojlantirish, rezidentlar monitoringi, global marketing, strategiya va tahlil bo‘limlarida, shuningdek, Nukusdagi IT Park hududiy ofisida amaliyot o‘tashdi. Amaliyotchilar University of Arizona, Arizona State University, University of Birmingham, Stony Brook University, KAIST (Koreya), University of York va University of Warwick kabi nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishmoqda.

Bunday tadbirlarda ishtirok etish IT Park’ga istiqbolli yosh mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish, axborot texnologiyalari sohasiga yangi kadrlarni jalb qilish va O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shgan holda startaplar ekotizimini mustahkamlash imkonini beradi.

2025-09-12