Toshkent xalqaro investitsiya forumining yakuniy kuni doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov “Tashkent International Financial Centre: What Key Investor Needs Can Be Addressed Through This Project?” mavzusidagi panel sessiyasida ishtirok etdi.
Panel sessiyasida xalqaro darajadagi yetakchi ekspertlar, jumladan, “Standard Chartered” bosh direktori Saif Malik, “Frankfurt Main Finance” boshqaruvchi direktori Xubertus Vaet, “Central Asia Templeton Global Investments” bosh direktori Marius Dan, “Rothschild&Co” hamkori Ariel Malard de Rotshild, “Henley&Partners Holdings” direktorlar kengashi raisining o‘rinbosari Xyu Morsxed, “Prosperity Capital Management” korporativ boshqaruv bo‘yicha direktori Denis Spirin qatnashdi. Sessiyaga BMTTDning xalqaro moliya markazlari bo‘yicha maslahatchisi Alena Dolgova moderatorlik qildi.
Ishtirokchilar moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar, investitsiyaviy jozibador muhitni yaratish bo‘yicha ilg‘or jahon tajribasini muhokama qildilar hamda innovatsion huquqiy va soliq rejimlarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashdilar. Spikerlarning bunday tarkibi tufayli munozara g‘oyat mazmunli va amaliy yo‘naltirilgan bo‘lib, bu O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini yanada yaxshilash va global IT-habga aylanishi bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berdi.
Abdulaxad Kuchkarov xalqaro moliya institutlari va investitsiya kompaniyalarining yetakchi vakillari bilan birgalikda “Enterprise Uzbekistan” Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining yangi tashabbusi doirasidagi strategik afzalliklarini muhokama qildi. Ushbu loyiha investorlar uchun zamonaviy ekotizim yaratish, IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish, innovatsion huquqiy va soliq rejimlarini joriy etishga qaratilgan.
Abdulaxad Kuchkarov ta’kidladi:
“O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishni namoyish etmoqda — 2024-yilda YaIM o‘sishi 6,5 foizni tashkil etdi. So‘nggi yillarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi 10 barobarga oshdi: 2017-yildagi 3,4 milliard dollardan 2024-yilda 34,9 milliard dollargacha ko‘paydi. IT sohasi bugungi kunda transport va turizm bilan bir qatorda eng tez rivojlanayotgan sohalardan biri hisoblanadi. 2024-yil yakuniga ko‘ra, IT Park tarkibida umumiy daromadi 1,6 milliard dollar bo‘lgan 2600 ta kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan, 2025-yilning birinchi choragida rezidentlar daromadining o‘sishi 176 foizni tashkil etdi. IT sohasi jadal rivojlanishda davom etmoqda va “Enterprise Uzbekistan” loyihasining ishga tushirilishi mamlakatga IT-kompaniyalar va investitsiyalarni jalb qilishda yangi sahifa ochmoqda.”
Muhokamada xalqaro standartlar va ingliz huquqi elementlariga asoslangan maxsus huquqiy rejimni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi, bu esa xorijiy investorlar uchun moslashuvchanlik va prognoz qilish imkoniyatini ta’minlaydi. Ishtirokchilar, shuningdek, soliq imtiyozlarini qo‘llashni muhokama qildilar: markaz ishtirokchilari uchun daromad, foyda soliqlari, QQS va bojxona to‘lovlaridan ozod qilishni ko‘rib chiqdilar.
Sessiya davomida intellektual mulk va shaxsiy ma’lumotlarni xalqaro standartlar darajasida himoya qilishga ham e’tibor qaratildi. “Tartibga solish qumdoni” doirasida innovatsion mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish imkoniyati muhokama ishtirokchilarining alohida e’tiborini tortdi. Mutaxassislar, shuningdek, xorijiy kompaniyalarning ish sharoitlarini yaxshilash uchun bank faoliyati va valyuta operatsiyalarini tartibga solishni muhokama qildilar.
Abdulaxad Kuchkarovning ta’kidlashicha, “Enterprise Uzbekistan” markazining tashkil etilishi mamlakat investitsiya muhitini rivojlantirishdagi navbatdagi qadam bo‘lib, u nafaqat yangi investorlarni jalb qilish, balki IT-xizmatlar eksportini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi. Zamonaviy sharoitlar, shaffoflik va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tufayli O‘zbekiston texnologik biznes va xalqaro hamkorlik uchun jozibador maydonga aylanmoqda.
Abdulaxad Kuchkarovning TXIF-2025 panel sessiyasidagi ishtiroki IT Park Uzbekistan’ning innovatsion va moslashuvchan investitsiya muhitini shakllantirishdagi strategik rolini tasdiqladi. Taqdim etilgan tashabbuslar xorijiy va mahalliy investorlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shadi hamda O‘zbekistonning IT va moliyaviy texnologiyalar sohasidagi xalqaro o‘yinchilardan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.
2025-06-12