Enterprise Uzbekistan va Qatar moliyaviy markazi tajriba almashish uchun seminar o‘tkazdi

“Enterprise Uzbekistan” Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi direktori Akbar G‘ulomov rahbarligida va Qatar moliyaviy markazi raqamli infratuzilma va autsorsing sohasida bilim va tajriba almashish maqsadida seminar o‘tkazdilar.

Qatar moliyaviy markazi 2005-yilda tashkil etilgan, bosh qarorgohi Dohada joylashgan biznes va moliya markazi hisoblanadi. Bu tashkilot kompaniyalar uchun jahon darajasidagi platforma bo‘lib, o‘zining huquqiy, me’yoriy, soliq va ishbilarmonlik muhitini taklif etadi, bu esa iqtisodiy rivojlanish va diversifikatsiyaga ko‘maklashadi.

Akbar G‘ulomov Dohada o‘tkazilayotgan “GSMA M360 MENA 2024” sammitida ishtirok etish doirasida Qatar moliyaviy markazi vakillari bilan uchrashdi. Ular orasida kompaniyalarni ro‘yxatga olish departamenti direktori Abdul Rashid, biznesni rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezident Utku Ustunkaya, moliyaviy texnologiyalar va raqamli innovatsiyalar bo‘limi rahbari Aditya Kumar Sinha, bosh yuristkonsult o‘rinbosari Rosko Banks, FSO tahlilchisi Yusufbek Nasriddinov, mijozlar bilan ishlash bo‘yicha rahbar Temur Xo‘jametov va boshqalar bor edi.

“Enterprise Uzbekistan” loyihasi direktori IT Park majmuasi hududidagi maxsus huquqiy rejimning afzalliklari haqida so‘zlab berdi. Mazkur rejim raqamli sohadagi innovatsion mahsulotlar, xizmatlar va korporativ mahsulotlarni ishlab chiqish hamda sinovdan o‘tkazish uchun “tartibga solish qumdoni”ni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, u soliq va bojxona, mehnat munosabatlari, bank-moliya faoliyati, intellektual mulk va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohasidagi alohida shartlar to‘g‘risida axborot berdi.

Qatar moliyaviy markazi vakillari markaz faoliyatini tartibga solish, investorlar bilan aloqalar o‘rnatish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, shuningdek, rezidentlarni nazorat qilish va tijorat nizolarini hal etish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tomonlar raqamli infratuzilmani rivojlantirish, texnologiya sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, O‘zbekistonda raqamli innovatsiyalar uchun maxsus me’yoriy muhitni yaratish bo‘yicha maslahat ishlarini yo‘lga qo‘yish, hamda autsorsing sohasida tajriba almashish maqsadida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Ikki tomonning ushbu masalalar bo‘yicha hamkorligi ikkala mamlakatning iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash va raqobatbardoshligini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa O‘zbekistonning investorlar va texnologiya kompaniyalari uchun istiqbolli hamkor sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga yordam beradi. Shuningdek, muvaffaqiyatli jahon tajribasini moslashtirish va joriy etish orqali “Enterprise Uzbekistan” samaradorligi va jozibadorligini oshirishga imkon yaratadi, bu esa o‘z navbatida mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yanada yuksaltirishga turtki bo‘ladi.

2024-11-20