Joriy yilning 26-may sanasida “EPAM Systems” xalqaro IT kompaniyasining Belorusiyadagi “EPAM Systems” kompaniyasi bosh direktori Pavel Shagoiko boshchiligidagi delegatsiya IT Park’ga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda IT Park direktori Farhod Ibragimov, IT Park direktorining mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulahad Qo‘chqorov, IT Park direktorining innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Rajabov, IT Park rezidentlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Nigora Narzikulova, IT Park rezidentlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha menejer Amaliya Ergasheva hamda “EPAM O‘zbekiston” bosh direktori Renat Axtyamov, Belorusiyadagi “EPAM Systems” kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Andrey Shubaderov, Belorusiyadagi “EPAM Systems” kompaniyasi kadrlar tayyorlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari Yevgeniy Peshkur va Belorusiyadagi “EPAM Systems” kompaniyasi texnologiyalari bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Sergey Ageenko ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar uchun IT Park hududi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi, xususan, mehmonlarga IT Park ko‘rgazmalar zalini ko‘rsatishdi va IT kompleksning qurilish ishlari haqida ham aytib o‘tishdi. Shuningdek, mehmonlarni qurilish olib borilayotgan joyga olib borishdi va ular qurilish jarayonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘lishdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda ta’lim sohasining rivojlanish dinamikasi, shuningdek, IT Park nazorati ostidagi yangi ochilgan 14 ta ixtisoslashtirilgan IT-maktab to‘g‘risida muhokama qilishdi. Qolaversa, tomonlar qo‘shma loyihalar, IT Markazlar va IT Park inkubatsiya markazlarida “EPAM Systems” laboratoriyalarini ochish haqida gaplashib olishdi.
Uchrashuv natijasiga ko‘ra, tomonlar qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tadbirlar, xususan, har bir viloyat yoshlarini jalb qilishga qaratilgan xakatonlarni o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olishdi.
Kompaniya buyurtma asosida dasturiy ta’minotni ishlab chiqaruvchi hamda konsalting sohasi bo‘yicha Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Ayni damda kompaniyaning filiallari dunyoning 20 dan ortiq davlatlarida, shuningdek O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatmoqda va butun dunyo bo‘ylab kompaniya xodimlarining soni 43 000 tashkil etadi. Bundan tashqari, “EPAM Systems” Belarus Respublikasi Yuqori Texnologiyalar Parki rezidenti hisoblanadi.
Kompaniya qanday xizmatlarni taqdim etadi?
- mahsulot va dasturiy taʼminotni ishlab chiqish;
- testdan o‘tkazish jarayonini avtomatlashtirish va sifatni nazorat qilish;
- texnologik yechimlar;
- infrastrukturalar yaratish va ularni litsenziyalash
“EPAM Systems” ishlab chiqarishga ixtisoslashgan markaz O‘zbekiston Respublikasida IT Park rezidenti hisoblanadi.
2021-05-26