“Female startup” rukni doirasida obunachilarimizni ayollar startaplari bilan tanishtiribgina qolmay, balki boshqa ayol-qizlarni yanada dadil va qat’iyatli bo‘lishga ilhomlantirib kelmoqda.
“IbnSino” loyihasi bosh direktori 33 yoshli Yelena Menshikova ayollar hamma narsaga qodir ekaniga yorqin misol. Quyida startap g'oyasi qanday paydo bo'lgani, mahsulot qanchalik foydali ekanligi hamda jamoa g'oyani rivojlantirish yoʻlida nimalarni rejalashtirayotgani haqida gapirib beramiz.
Yelena TBC Bank Uzbekistanda data- tahlilchi sifatida ishlaydi. Uning xotirlashicha, “IbnSino” startapini ishga tushirish g‘oyasi uning Tumaris.Hack ayollar xakatonida muvaffaqiyatli ishtirok etganidan keyin paydo bo‘lgan.
“Hakaton doirasida qur’a tashlash marosimida Husniya va Merjen bilan tanishdim. Biz ajoyib jamoaga aylandik va xakaton g'oyasini ishlab chiqishda davom etdik. Mendan so'rashadi, sug'urtani raqamlashtirish nima uchun kerak? Hammasi oddiy: men o'zim qo'shimcha tibbiy sug'urta polisi bo'yicha shifokor qabuliga yozilishda qiyinchiliklarga duch keldim va ushbu biznes jarayonini qurishda xatoliklarni ko'rdim. Men barcha kamchiliklarni bartaraf eta oladigan mahsulot yaratmoqchi edim”.
Shu tariqa IbnSino loyihasi paydo bo‘ldi – bu raqamli yechim sug‘urta kompaniyalari mijozlariga keraksiz qo‘ng‘iroqlar va kutishlarsiz birzumda sug‘urta sotib olish va uchrashuvga yozilishda yordam berish uchun mo‘ljallangan.
Har bir startap qandaydir qiymatga ega bo'lishi kerak. IbnSino loyihasining ahamiyati uning qulayligida, deb hisoblaydi Yelena.
“Startapimiz hamma narsani masofadan turib bajarish imkonini beradi. Bu ham vaqtni, ham asablaringizni ancha tejaydi. Bir joyga borish, tirbandlikda, navbatda turishning hojati yo'q. Bundan tashqari, biz O‘zbekistonda tibbiy sug‘urta bozorini rivojlantirish va raqamlashtirishga o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz”.
Startap hali juda yosh bo'lganligi sababli, loyiha jamoasi 3 ta asosiy odamdan iborat:
• Merjen - dasturchi;
• Husniya - dizayner;
• va Yelenaning o'zi - loyihaning umumiy rivojlanishi, investorlarni izlash va mahsulotni ishlab chiqish kontseptsiyasi uchun javobgardir.
“Bizning loyihamiz anchayin rivojlanmoqda, atigi bir necha oy ichida biz g'oyadan potentsial mijozlar bilan uchrashuvlarga o'tishga muvaffaq bo'ldik. Endi bizga mahsulotni rivojlantirishga yordam bermoqchi bo'lgan yigitlar, sotuv, dasturlash UX / UI mutaxassislari qoʻshildi. Jamoamizning yangi a'zolarini tabriklaymiz!”
Jamoa hozirda loyihani ilgari surish uchun mablag‘izlamoqda.
“Biz mavjud yechimni sotmoqchimiz. Afzalligimiz shundaki, mahsulotni mijozga qarab sayqallantirishga tayyormiz, shuning uchun tijorat va investitsiya faoliyati parallel ravishda olib boriladi. O‘zbekiston yangi ishbilarmonlar tomon qadam tashlamoqda va bu juda quvonarli. Venchur sug'urtasi va biznes farishtalari bozori hali boshlang'ich bosqichida, lekin infratuzilma va sanoatni qo'llab-quvvatlash asta-sekin yaratilmoqda. Shuning uchun biz hamma narsani amalga oshirishimiz mumkinligiga ishonamiz”.
Yelenaning so'zlariga ko'ra, eng katta qiyinchilik - bu savdoning boshlanishi. Ko'pincha ajoyib g'oyalar va yaxshi ishlanmalar amalga oshirilmaydi, chunki startapda marketing va sotuvning ahamiyati kam baholanadi. Yaxshiyamki, Tumaris.Tech-da ishtirok etish jamoaga ko'p jihatdan yordam berdi.
“Tumaris.Tech jamoamiz uchun Tumaris.Hack’dan keyingi qadam bo‘ldi, shuning uchun biz loyihada ishtirok etar ekanmiz, startapimiz o‘sib bormoqda va rivojlanmoqda, deb aytishimiz mumkin. Ya'ni, IbnSino uchun Tumaris.Tech mantiqiy davom bo'ldi va texnik yechim uchun bozor strategiyasini shakllantirishga yordam berdi”.
Qahramonimiz startaplarga jasorat tilaydi. U har qanday startap o'z yo'nalishi bo'yicha muvaffaqiyatga erishishi mumkinligiga amin.
“Menimcha, O‘zbekistonda fintech sektoriga kirish biroz qiyinroq, chunki u yerda kuchli o‘yinchilarga ega yetarlicha raqobatbardosh bozor shakllangan.
Boshqa sohalarda chinakam munosib g'oya doimo o'z o'rnini topadi. Yangi ko'rinish va tez o'sishga tayyorlik muvaffaqiyat kalitidir. Hech narsadan qo'rqmang va g'oyalaringiz dunyoga kerakligini unutmang."
2023-02-14